Yaponiyalik professor Kohei Torikai TDTU Olmaliq filialida maʼruza oʻqidi

    Uchrashuv chogʻida yapon olimi oʻz ilmiy tajribalari bilan oʻrtoqlashdi hamda oʻzbekistonlik talabalarni Yaponiyada taʼlim olishga taklif qildi.

    Xalqaro hamkorlik doirasida Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialiga turli mamlakatlardan nufuzli olimlar tashrif buyurib, talabalar bilan muloqot qilishmoqda. Bunday uchrashuvlar yoshlarga ilgʻor bilim va tajribalarni oʻrgatishda, ularning ilmiy dunyoqarashini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega.

    Shu maqsadda 19-sentyabr kuni Yaponiyaning Kyushu universiteti professori, organik va bioanalitik kimyo sohasida taniqli olim doktor Kohei Torikai TDTU Olmaliq filialida maʼruza oʻqidi.

    Professor Torikai kimyo sohasida yutuqlarga erishgan olimlardan biri hisoblanadi. U asosan molekulalarning glikozillanish jarayonlari va ularni boshqarish usullarini oʻrganib keladi. Uning ilmiy ishlari xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan boʻlib, 2022-yilda Yaponiya Kimyo jamiyatining nufuzli mukofoti bilan taqdirlangan.


    Uchrashuv davomida yapon professori oʻz ilmiy faoliyati va tajribalari bilan oʻrtoqlashdi. Talabalar soha boʻyicha qiziqtirgan koʻplab savollariga javob oldilar. Savol-javoblarga boy, samimiy va qiziqarli muloqot talabalarning katta qiziqishiga sabab boʻldi.

    Professor Torikai oʻzbekistonlik yoshlarning bilimga chanqoqligi va qiziquvchanligidan mamnun boʻlgan holda, ularni Yaponiya universitetlarida tahsilni davom ettirishga taklif qildi.

    Bunday tashriflar xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yoshlarning ilmiy izlanishlarini qoʻllab-quvvatlash va ularning bilim olish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.