Tashrif munosabati bilan Yaponiya elchixonasi maslahatchisi tomonidan “Ipak yo‘li” universiteti talabalarini Yaponiya an’analari va madaniyati bilan yaqinroq tanishtirish hamda o‘quv jarayoni sifatini yanada takomillashtirish maqsadida qator kitob va o‘quv qo‘llanmalar taqdim etildi.

Ushbu kitoblar, shubhasiz, universitet kutubxonasining “Buyuk Ipak yo‘li” mavzudagi Osiyo mamlakatlari adabiyoti fondini boyitadi.

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti reytingini oshirishning asosiy maqsadlaridan biri – ulkan va boy kutubxona tashkil etib, unda talabalarni turizmning ko‘p qirrali sohasi bilan yanada chuqurroq tanishtirish uchun barcha sharoitlarni yaratish.

Bu borada ko‘plab xalqaro va mahalliy instantsiyalar, turistik tashkilotlar va yurtimizda faoliyat yoritayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari sa’y-harakati bilan universitetning kutubxonasi fondi jadal kengayib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, zamonaviy va jadal rivojlanayotgan turizm sohasidagi bilimlarning ochiq manbai hisoblanadigan kutubxona imidjini targ‘ib qilish maqsadga muvofiqdir.

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti mashhur va nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lib, nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyo mintaqasida turizm sohasidagi birinchi universitet hisoblanadi. Turizm sohasi uchun istiqbolli kadrlarni tayyorlash jarayoni bakalavriat, magistratura, doktorantura, hamda qoʻshma ta’lim dasturlari (Double degree) bosqichlarida bardavom olib borilmoqda. Universitet o‘quv jarayoniga turizm sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar keng jalb etilgan. O‘quv dasturi esa bilim, ko‘nikma va tajriba oshirish maqsadida yetakchi xorijiy oliygohlarda talabalarni amaliyot o‘tash imkoniyatini beradi.

Universitetimizning Sharqning ilm-fan markazi – qadimiy va navqiron Samarqand shahrida joylashganligi uning mavqeini yanada oshirishga xizmat qiladi.