Safar davomida Taxara shahri hokimi Yamashita Masayoshi, «Aichi Minami» qishloq xoʻjaligi kooperativi prezidenti Teruhiko Suzuki, Taxara qishloq xoʻjaligi qoʻmitasi raisi Kodzi Yamomoto, “Nichirin Company”, “JIC Cooperative” va “FOZMA” kompaniyalari rahbariyati bilan uchrashuv va muzokaralar oʻtkazildi.
Shahar hokimi bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi, Namangan viloyatining sarmoyaviy salohiyati taqdim etildi va qishloq xoʻjaligi sohasidagi ikki tomonlama manfaatli hamkorlik imkoniyatlari haqida soʻz bordi.
Oʻz navbatida, Taxara meri Oʻzbekiston bilan, xususan, Yaponiyaning ushbu shahrida joylashgan qishloq xoʻjalik korxonalariga oʻzbekistonlik mutaxassislarni ishga jalb qilish orqali hamkorlik oʻrnatishga katta qiziqish mavjudligini qayd etdi. Bundan tashqari, Yamashita Masayoshi Namangan va Taxara oʻrtasida iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohada ikki tomonlama tadbirlar oʻtkazish taklifini qoʻllab-quvvatladi.
Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarning amalda bajarilishi va pandemiya bilan bogʻliq vaziyat barqarorlashgandan soʻng Taxara shahri merining Oʻzbekistonga tashrifini uyushtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, «Aichi Minami» qishloq xoʻjaligi kooperativi prezidenti Teruhiko Suzuki va Taxara shahri qishloq xoʻjaligi qoʻmitasi raisi Kodzi Yamomoto bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Uchrashuv davomida Oʻzbekistonda mehnat migratsiyasining meʼyoriy-huquqiy tartibga solinishi, oʻquv tizimi va oʻzbekistonliklarni Yaponiyaga vaqtinchalik ishga joʻnatish jarayoni bilan tanishtirildi.
Muzokaralar chogʻida Yaponiya tomoni mehnat resurslari boʻyicha jiddiy taqchillik va xorijiy ishchi kuchiga ehtiyoj mavjudligi haqida maʼlum qildi. Shu munosabat bilan suhbatdoshlar Yaponiyaga oʻzbekistonlik mehnat resurslarini qishloq xoʻjaligi sohasida muayyan koʻnikma va ixtisoslik boʻyicha jalb etish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish niyatini bildirdi.
“Nichirin Company”, “FOZMA” va “JIC Cooperative” kompaniyalari rahbarlari bilan oʻtkazilgan muzokaralarda «Avto CAD» dasturiy mahsulotlari ustida ishlash sohasida tajribaga ega boʻlgan oʻzbekistonlik mutaxassis-muhandislarni jalb etish masalasini oʻrganish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston elchixonasi vakillari “Yakimo Sakura” brendi ostida shirin kartoshka ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishish barobarida, ushbu kartoshka navini Oʻzbekistonda ishlab chiqarish texnologiyasi va imkoniyatlarini atroflicha oʻrgandi.
Yaponiya kompaniyalari rahbarlari bilan oʻtkazilgan muzokaralar yakuniga koʻra, joriy yilning oktyabr oyida ularning Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish boʻyicha ham kelishuvga erishildi. Boʻlajak tashrif doirasida manfaatdor vazirlik va idoralar bilan amaliy muzokaralar olib borish, mamlakatimizning investitsiya va eksport salohiyatiga bagʻishlangan biznes-seminar tashkil etish, shuningdek, oʻzaro manfaatli hamkorlikning salohiyatli yoʻnalishlarini muhokama qilish rejalashtirilmoqda.