Yaponiyaning Teikoku kompaniyasi raqamlashtirish loyihalarida ishtirok etadi

    Urbanizatsiya 9 Fevral 2023 2051

    Toshkent shahar hokimining axborot texnologiyalarini joriy etish boʻyicha oʻrinbosari Aleksey Xen Yaponiyaning raqamli texnologiyalar yoʻnalishida faoliyat yurituvchi Teikoku kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

    Aleksey Xen bugungi kunda Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar haqida maʼlumot berdi.

    Teikoku kompaniyasi direktori Yuichi Nishizono Toshkent shahrida raqamlashtirish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan loyihalarda ishtirok etishga katta qiziqish bildirdi. Bu borada ular qoʻllayotgan innovatsion yechimlar ham foydali boʻlishini taʼkidlab, 3D yuqori aniqlikdagi kamera (IMS3) imkoniyatlarini namoyish etdi va uni amalda qoʻllash yuzasidan departament mutaxassislarini qiziqtirgan savollarga javob berdi. Kompaniya mutaxassislari namuna sifatida 20 kilometr yoʻlni 360 daraja oʻlchamda syomka qilib, yoʻllar va obyektlar, ulardagi tashqi reklama vositalari, yoʻl belgilarining aniq oʻlchamlari hamda yoʻllarning taʼmirtalab nuqtalarini bilish mumkinligini koʻrsatib berdi. Bunday xizmat “Raqamli Toshkent” doirasidagi loyihalar, shuningdek, yoʻl infratuzilmasini yaxshilash hamda rivojlantirish ishlarida foydali boʻlishini taʼkidlab oʻtdi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.