Yaqin kunlarda sabzi narxi tushishi kutilmoqda

    Agrosektor 22 Iyun 2021 1386

    O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligining ma'lumot berishicha, mamlakatimiz viloyatlarida erta bahordagi sovuq ob-havo tufayli to'liq yetilishi deyarli bir oyga kechikkan ertaki sabzi hosilining yig'im-terim ishlari boshlandi. 

    Ommaviy terim ishlari iyul oyining dastlabki kunlariga belgilangan. Bu bozorni yangi sabzi bilan to'liq ta'minlanishiga va ushbu sabzavot narxining tushishiga olib keladi, deyiladi xabarda.

    Fevral-mart oylarida ertaki sabzi sepiladi (hosili odatda mayda yetiladi). Yuqorida aytilganidek, bu yili ertaki sabzini sepish davri bahor fasli uchun noodatiy bo'lgan sovuq ob-havo paytiga to'g'ri keldi va hosilning kechrok yetilishiga (20-25 kun kechikib), bozorlarga yangi hosilni yetkazishda bir muddat tanaffus yuzaga kelishiga va narxlarning vaqtinchalik oshishiga sabab bo'ldi.

    Aprel-may oylarida esa hosili yoz o'rtalarida yetiladigan o'rtaki sabzi, iyun-iyul oylarida esa hosili sentyabr-oktyabr oylariga to'g'ri keladigan kechki sabzi ekiladi. Shu tariqa ushbu sabzavotning narxi barqarorlashtiriladi.

    2021 yilning aprel-may oylarida o'rtapishar sabzi navlari ekildi: fermer xo'jaliklari va qishloq xo'jaligi korxonalarining asosiy maydonlariga - 15,2 ming gektar, aholi tomorqa maydonlariga - 18,4 ming gektar. Bundan tashqari fermer va qishloq xo'jaligi korxonalari tomonidan g'alladan bo'shagan 40,5 ming gektar maydonlarga sabzi ekish rejalashtirilgan.

    2021 yilda barcha toifadagi xo'jaliklar tomonidan umumiy hisobda 124,4 ming ga maydonda (o'tgan yildagiga nisbatan 18,2 ming ga ko'prok) sabzi ekish rejalashtirilgan, hammasi bo'lib 2,3 mln tonna sabzi hosili olish mo'ljallangan.

    Mamlakatimiz aholisining sabziga bo'lgan 1 yillik ehtiyoji 800 ming tonnani tashkil etadi. Yetishirilgan sabzi hosilining qolgan hajmi eksport va qayta ishlashga yo'naltiriladi. Aholining iste'mol savatidagi sabzining ulushi 0,4 foizni tashkil etadi. Qish-bahor mavsumida aholi iste'molini ta'minlash maqsadida 400 ming tonnadan ziyod sabzi zaxira qilinadi. Mamlakatimizda sabzini qayta ishlovchi 250-300 ming tn quvvatga ega 55 ta korxona faoliyat yuritadi. Ular tomonidan sabzi asosan quritilgan, shok holda muzlatish shaklida qayta ishlanadi. Qayta ishlashga xom-ashyo sifatida sabzining asosan kechki navlari olinadi. O'tgan yili 110 ming tonna kechki sabzi qayta ishlangani ma'lum qilingan.

    Sabzi odatda yiliga 4 marotaba ekiladi. Noyabr-dekabr oylarida “to'qsonbosti” usulida ekiladi (hosil odatda mart-aprel oylarida to'liq yetiladi). To'qsonbosti usulida ekilgan ekinlarning urug'lari qishki yog'ingarchiliklar natijasida tuproqdagi namlikka to'yinib, erta bahorda havo harorati 4-5 S bo'lgandayoq begona o'tlar urug'laridan oldin unib chiqadi. 2021 yilda ertaki hosil olish uchun 2020 yil kech kuzda “to'qsonbosti” usulida 30,3 ming gektar (yoki o'tgan yilga nisbatan 5,8 ming gektar ko'p) sabzi ekilgan. Ushbu usulda ekilgan sabzavot aprel-may oylarida bozorni yetarli darajada sabzi bilan ta'minlab turdi, va u o'rtacha hisobda 2000-2500 so'mdan sotildi, deyiladi xabarda.

    So'nggi yillarda yuqori hosilli navlarni ekish va parvarishlashda innovatsion resurstejamkor texnologiyalarni qo'llash, yomg'irlatib sug'orish tizimini joriy qilish, mineral o'g'itlarga xarajatlarni kamaytirish, kasallik va zararkunandalarga qarshi o'z vaqtida ishlov berish kabi agrotexnik tadbirlarning sifatli bajarilishi orqali hosildorlikni 20-25 tonnadan 30-40 tonnagacha oshirishga erishilgan.

    Bu fermerlarga sabzi ekish harajatlari va tannarxini tushirishga imkon beradi: 700-800 so'mgacha (6,5-7,5 sent) yoki bir kilogrammi uchun 1,5 barobar.