O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, yaqin kunlarda "Umra"ga yo'l ochilishi kutilmoqda.

"1-9 dekabr kunlari O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari va Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiq Toshboyev boshchiligidagi delegatsiya Saudiya Arabistonida Umra ziyoratini tashkil qilish bo'yicha xizmat safarida bo'ldi.

Delegatsiya butun dunyoda qo'llanilayotgan karantin cheklovlari sharoitida Umra safarini tashkil qilish bo'yicha Podshohlik muassasalari bilan muzokaralar olib bordi. Inshaalloh, yaqin fursatlarda, COVID pandemiyasi boshlanishidan avval Umra safari uchun pul to'lab, navbatda turganlar va boshqa fuqarolar uchun tabarruk ziyoratni amalga oshirish imkoniyatlari yaratiladi", –deya qayd etiladi xabarda.

Shuningdek, Umra ziyoratlari muddatlari, qo'shimcha to'lov miqdori, vaktsinatsiya to'g'risidagi ma'lumotlar tez orada ma'lum qilinishi aytib o'tilgan.