Savol: Oʻzbekiston Respublikasi elchixonalari va konsullik muassasalari tomonidan fuqarolar xavfsizligi va farovonligini taʼminlash boʻyicha qanday choralar koʻrilmoqda?
Javob: Oʻzbekiston Respublikasining Yaqin Sharq mamlakatlaridagi diplomatik va konsullik muassasalari ijtimoiy-siyosiy va harbiy-siyosiy vaziyatni 24/7 formatda doimiy monitoring qilib bormoqda.
Qabul qiluvchi davlatlarning tashqi ishlar idoralari, huquqni muhofaza qiluvchi organlari, fuqarolik muhofazasi xizmatlari hamda aviatsiya maʼmuriyatlari bilan doimiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Savol: Tezkor liniyalar va favqulodda aloqa kanallari tashkil etilganmi?
Javob: Elchixonalar va konsullik muassasalari huzurida “tezkor liniya”lar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Call-markazi faoliyat yuritmoqda.
Fuqarolardan kelib tushayotgan barcha murojaatlar roʻyxatga olinib, doimiy oʻrganib borilmoqda, aksariyat masalalar tezkorlikda hal etilmoqda.
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra:
- mintaqadagi fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar soni 2 144 tani tashkil etmoqda;
- manzilli konsullik va moliyaviy yordam koʻrsatilmoqda.
Fuqarolar rasmiy veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va kanallar orqali ehtiyot choralari, aviareyslar holati hamda harakatlar algoritmi boʻyicha muntazam xabardor qilinmoqda.
Savol: Fuqarolar koʻproq qanday masalalarda murojaat qilmoqda?
Javob: Murojaatlar muntazam ravishda kelib tushmoqda.
Asosiy masalalar quyidagilarga taalluqli:
- evakuatsiya;
- aviareyslarning bekor qilinishi yoki boshqa sanaga koʻchirilishi;
- vaqtinchalik turar joy bilan taʼminlash;
- mamlakatda qolish muddati uzayishi munosabati bilan moliyaviy qiyinchiliklar.
Dubay, Sharja va Doha aeroportlarida “Vatandosh” jamgʻarmasi orqali bir guruh fuqarolarga moliyaviy yordam koʻrsatildi.
Savol: Yaqin Sharq mintaqasidan Oʻzbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish va maxsus reyslar tashkil etish boʻyicha qanday ishlar olib borilmoqda?
Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga muvofiq, fuqarolarimizni Vatanga qaytarish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyatdan kelib chiqqan holda va yurtdoshlarimiz xavfsizligini taʼminlashni inobatga olib, doimiy hamda qoʻshimcha reyslar tashkil etilmoqda. Ishlar doimiy asosda olib borilmoqda.
Jumladan:
- Saudiya Arabistonidan tizimli evakuatsiya amalga oshirilmoqda;
- Birlashgan Arab Amirliklaridan «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi repatriatsiya reyslarini amalga oshirish masalasini ishlab chiqdi;
- aviakompaniyalar bilan charter reyslarni kelishish ishlari olib borilmoqda;
- mintaqadagi aviatsiya regulyatorlari bilan muvofiqlashtirish taʼminlanmoqda.
Havo hududining yopilishi va “havo hujumi” rejimi sharoitida imkoniyatlar cheklangan boʻlsada, ishlar uzluksiz ravishda olib borilmoqda.
Savol: Yaqin Sharqda jabrlanganlar orasida Oʻzbekiston fuqarolari bormi?
Javob: Bugungi kun holatiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida halok boʻlganlar yoki jabrlanganlar yoʻq.
Vaziyat doimiy nazorat ostida.