Savol:
Oʻzbekiston delegatsiyasining BMT Bosh Assambleyasi yuqori haftaligidagi ishtirokining asosiy natijalari haqida soʻzlab bersangiz.
Javob:
BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasining yuqori haftasi Oʻzbekiston diplomatiyasi uchun juda samarali boʻldi.
Mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiya 50 dan ortiq ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi, xalqaro tashkilotlar ishtirokidagi 10 dan ziyod koʻp tomonlama tadbirlarda ishtirok etdi va maʼruzalar qildi.
Turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 15 ta hujjat imzolandi.
Uchrashuv va muzokaralar yakunlari boʻyicha aniq kelishuvlarga erishilib, ularni amalga oshirish boʻyicha Tashqi ishlar vazirliklarining tegishli boshqarmalari tomonidan ishlar boshlab yuborildi.
7 davlat (Kabo-Verde, Seyshel orollari, Burundi, Botsvana, Liberiya, Togo, Bagama orollari) bilan diplomatik aloqalar oʻrnatildi.
Bularning barchasi Yangi Oʻzbekiston diplomatiyasi kengayib borayotganidan dalolat beradi.
***
Savol:
Birlashgan Arab Amirliklari Elchisining Xartumdagi qarorgohiga qilingan hujumga qanday izoh berasiz?
Javob:
Shubhasiz, Birlashgan Arab Amirliklari diplomatik missiyasi rahbarining Sudan poytaxtidagi qarorgohiga qilingan hujum qabul qilib boʻlmas holat.
Diplomatik vakolatxonalar aʼzolarining hayoti va sogʻligʻiga tahdid soladigan har qanday xatti-harakatlarga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.
Diplomatik vakolatxonalar binolarining daxlsizligini saqlash va diplomatik faoliyatni tartibga soluvchi qoidalarga qatʼiy rioya qilish muhimdir.
***
Savol: Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashayotganini koʻryapmiz, bu mintaqada fuqarolarimizni himoya qilish uchun qanday choralar koʻrilmoqda?
Javob: Oʻzbekistonning Isroildagi Elchixonasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ushbu mamlakatdagi vatandoshlarimiz bilan aloqani mustahkamlab, kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda.
Elchixona veb-sayti va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida shaxsiy xavfsizlik boʻyicha tavsiyalar tarqatilmoqda. Xususan, raketa hujumlari paytida bomba boshpanalariga berkinish, rasmiy axborotlarga rioya qilish, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar va Oʻzbekiston Elchixonasining aloqa maʼlumotlarini doimo olib yurish zarurligi boʻyicha tegishli maʼlumotlar berib borilmoqda.
Yordam yoki maslahatga muhtoj fuqarolar diplomatik missiyaga 24/7 tartibida ijtimoiy tarmoqlar va telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi vaziyatni doimiy ravishda kuzatib bormoqda.