Yaqinda Oʻzbekiston fuqarolarini “Sputnik V” vaksinasi bilan emlash boshlanadi

    Salomatlik 17 Aprel 2021 1434

    Poytaxtimizda Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi kengaytirilgan yigʻilishida koronavirusga qarshi emlash jarayonlari haqida ham maʼlumot berildi.

    Qayd etilishicha, bugungi kunda yurtimizda 1 million 660 ming dona oʻzbekistonlik va xitoylik mutaxassislar hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC 2001 hamda COVAX fondi tomonidan olib kelingan AstraZeneca vaksinalari mavjud.

    Biroq yaqinda yana 1 million dozada Rossiyada ishlab chiqarilgan “Sputnik V” vaksinasi va COVAX global hamkorligi doirasida keltirilayotgan AstraZeneca vaksinasining ikkinchi qismi mamlakatimizga olib kelinadi. Boshqa turdagi emlash vositalarini ham Oʻzbekistonga olib kelish boʻyicha hamkorlik davom etmoqda.

    Bundan tashqari, olimlarimiz vaksina ishlab chiqarish boʻyicha izlanishlarni muntazam davom ettirmoqda.

    Ayni kunlarda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash jarayoni faol olib borilyapti. Shu vaqtga qadar qariyb 370 ming nafar yurtdoshlarimiz vaksina qabul qilishgan.

    Yigʻilishda vaksinatsiyaga aholi eʼtiborini kuchaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.