Bugungi kunda Vengriya O'zbekistonning Yevropadagi muhim sheriklaridan biri hisoblanadi. Birgalikdagi intilish va amaliy ishlar natijasida bu hamkorlik yildan yilga mustahkamlanib bormoqda. So'nggi to'rt yilda mamlakatlarimiz  o'rtasidagi o'zaro savdo aylanmasi hajmi salkam uch barobarga o'sganligi, murakkab pandemiya sharoitiga qaramay, o'tgan yili ham bu ijobiy sur'at saqlab qolinganligi buni tasdiqlab turibdi.

Iqtisodiy hamkorlik chorvachilik va parrandachilik sohasida ham rivojlanib boryapti. Ayni kunda Vengriyaning dunyoga mashhur kompaniyalari mutaxassislari yurtimizda bo'lib, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda soha korxonalarining faoliyati bilan tanishyapti, ularga veterinariya va parrandalar, chorva mollari, quyonlar va baliqni oziqlantirish bo'yicha amaliy ko'mak ko'rsatmoqda. Joylarda tashkil etilayotgan ilmiy-amaliy seminarlarda soha xodimlari, mutaxassislar bilan tajriba almashib, vazirlik mutaxassislari bilan birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar ustida ish olib borishyapti.

Vengriyaning nufuzli kompaniyalari vakillarining ushbu hamkorlikning asosiy yo'nalishlari, kelgusi imkoniyatlari xususidagi fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.

“Babolna Tetra Kft” kompaniyasi yetakchi mutaxassisi Tamash Topertser:

— Bizning tashrifimizdan bir necha kun oldin O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorni imzolagan ekan, Uchrashuvlarda soha mutaxassislari yaratilgan navbatdagi imtiyoz va imkoniyatlardan xursandliklarini bildirishdi. Qarordagi iki jihat bizning ham e'tiborimizni tortdi. eng avvalo, 2021-yil 1-iyundan qo'shilgan qiymat solig'i to'lovchisi bo'lgan parrandachilik xo'jaliklariga realizatsiya qilgan bir dona tuxum uchun 50 so'm hamda bir kilogramm parranda go'shti uchun 1 000 so'm miqdorida respublika byudjetidan subsidiya ajratilishi belgilangan. Ikkinchidan, parrandachilik korxonalari uchun foyda, mol-mulk, er va suv soliqlari stavkalari 50 foizga kamaytirilgan.

Shu sohada ko'p yillik tajriba va malakaga ega bo'lgan mutaxassis sifatida parrandachilikka yuksak darajada ko'rsatilayotgan rag'bat meni ham juda mamnun etdi. Yaratilayotgan imkoniyatlar tarmoqni rivojlantirish va  ozuqa bazasini mustahkamlashga, tadbirkorlar safining kengayishida muhim omil bo'lishi turgan gap.

Ma'lumki, o'zbek va vengr xalqlarini mushtarak tarixiy ildizlar, yaqin hamkorlik rishtalari birlashtirib keladi. Bunday munosabatlarning shakllanishi o'tmishda Shandor Kyoryoshi Choma, Arminiy Vamberi, Onodi Bertalan, Enyo Zichi, Dyord Almashi, Aurel Shteyn kabi mashhur venger olimlari va sayyohlarining Markaziy Osiyoga, shu jumladan, jahon tamadduniga ulkan hissa qo'shgan qadimiy va fusunkor yurtga qilgan safarlari orqali ham ma'lum va mashhur. Xususan, 1863-yilda o'z orzusiga erishib, Xivaga kirib kelgan Vamberi o'z asarida shunday yozadi; “Dunyoda Amudaryoga o'xshashi yo'q, hatto mashhur Nil daryosi ham bunday emas. Aminmanki, men bilgan daryolar ichida suvi shirini Amudaryodir. Mevalari Eron va Turkiyadagina emas, butun yevropadagilardan totli...”.

Oradan bir yarim asr o'tib men ham O'zbekistonda bo'lar ekanman, mashhur yurtdoshimning Xiva, Buxoro, Samarqand va Qarshining o'ziga xos tabiati, iqlimi, dunyoga mashhur ne'matlari haqidagi fikrlarining shuncha vaqt o'tganiga qaramay, har jabhadagi tasdig'ini ko'rdim. Tanti, oqil va mehnatkash odamlar, o'z kasbining fidoyi mutaxassislari, izlanuvchan va intiluvchan olimlarning yaratuvchanlik ishlari hayrat va havas uyg'otadi. Ular bilan ishlash va hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish kishiga zavq beradi, ruhlantiradi.

Joriy yil mart oyi oxirida Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban  rasmiy tashrif bilan O'zbekistonda bo'ldi. Muzokaralar chog'idagi kelishuvlar, imzolangan bitimlarda ishbilarmonlar va hududlar o'rtasida yaqin aloqalarni yanada rivojlantirishga e'tibor qaratildi.

Bizning O'zbekistonga bu galgi safarimiz ham ana shu tarixiy tashrifning mantiqiy davomi hisoblanadi. Binobarin, hozirgi kunda o'lkangizning turli hududlarida parrandachilik, baliqchilik, chorvachilik, quyonchilik va oziq-ovqat sanoati sohalarida 12 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish bo'yicha bitimlar imzolangan. Bundan tashqari, 76 ta yangi istiqbolli investitsiya loyihasi ustida birgalikda ishlashni davom ettirishga kelishib olingan. Misol uchun, bir qator hududlarda parranda naslchiligi va ozuqasini yanada yaxshilash, tez orada quvvati kamida 20 ming tonnalik parranda go'shti ishlab chiqarish bo'yicha qo'shma loyihalarni boshlash rejalashtirilgan.

Bizning “Babolna Tetra Kft” kompaniyamiz parrandachilik bo'yicha dunyodagi to'rtta genetik markazning eng yetakchilaridan biri sanaladi. Uning tarixi ikki yarim asrni qoralayotgan bo'lsa, O'zbekistonga 1950-yillarning oxirlarida “Vengerka” degan nomdagi zotdor va yurtingiz iqlimiga tez moslashib ketgan tovuqlari bilan kirib kelgan.

O'zbekiston parrandachilik sohasida katta salohiyatga ega mamlakat. Birgina tuxum yetishtirishni olaylik. Agar 2019 yilda mamlakatda 14 million parranda boqilib, 12,5 miliard dona tuxum etishtirilgan bo'lsa, 2020-yilga kelib bu ko'rsatkichlar 1,5 baravardan oshgan. Ana shunday o'zgarishlarga erishishga Vengriyaning parrandachilik kompaniyalari ham o'z hissalarini qo'shishni rejalashtirmoqda.

Ushbu safarimiz davomida, eng avvalo, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan olim, mutaxassis, agrosektor korxonalari vakillari uchun tashkil etilgan “Qishloq xo'jaligi chorvachilik va parrandachiligini oziqlantirishning innovatsion usullari” mavzusidagi seminarda ishtirok etdik. Jizzax, Sirdaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlaridagi chorvachilik va parrandachilikka ixtisoslashgan korxonalarda bo'ldik. Ularda joriy etilayotgan yangi texnologiyalar, tatbiq etilishi kutilayotgan innovatsion loyihalar bilan bevosita tanishdik. Albatta, ishlar qamrovi katta, kutilayotgan natijalar salmoqli, eng muhimi, tarmoq sanoatini yangi bosqichga olib chiqishga, mahsuldorlikni oshirish, aholini sifatli va tannarxi arzon mahsulotlar bilan ta'minlashga qaratilgan.

O'tgan yillar mobaynida dunyo mamlakatlarida boshqa sohalar kabi parrandachilik sanoati ham jadal taraqqiy etib bormoqda. Buning sababi nafaqat uning tuxumi va go'shtining parhezbopligi, balki juda qisqa fursatda mahsulot berish imkoniyatiga ega va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda muhim omil hisoblanadi. Bugungi kunda kompaniyamizning eng zotdor va mahsuldor krosslarini O'zbekistonga olib kelish, ularni iqlimlashtirish va bu sanoatni yanada rivojlantirishga qaratilgan loyihalar ustida ish olib boryapmiz. Aytish joiz, “Babolna Tetra Kft” parrandalarining nasli sog'lom va tabbiy bo'lishi barobarida boshqa zotlarga nisbatan kamida 10-15 foiz ko'proq tuxum beradi va mahsuldorlik muddati ham ancha ortiqroq. O'tkazilgan tajribalar yurtingiz iqlimiga tez moslashishini ko'rsatib turibdi.

Yana bir jihat, erishilgan natijalar bilan bir qatorda parrandachilik bilan shug'ullanuvchi barcha mamlakatlarga xos bo'lgan bir qator muammolar hal etilishi lozim. Bunga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mavjud ishlab chiqarish ob'ektlarini yangidan qurish va modernizatsiya qilish hamda tayyor mahsulotlarni eksport qilish geografiyasini kengaytirish kiradi.

Shu kabi masalalarni hamkorlikda hal etish maqsadida Toshkent viloyatining Ohangaron, Qibray, Surxondaryo viloyatining Boysun, Oltinsoy, Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida, Jizzax viloyatining Do'stlik, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanlarida ozuqa yem ishlab chiqaruvchi zamonaviy texnologiyalarni o'rnatish va ularning faoliyatini mahalliy tadbirkorlar bilan birgalikda yuritish yuzasidan amaliy ishlar boshlab yuborildi.

“AgroFeed Kft” kompaniyasining vakili Aleksandr Yanchevskiy:

— O'zbekiston chorvachilik va parrandachilik genetikasi bozorida o'z o'rnini egallash uchun raqobatlashish bo'yicha yaxshi imkoniyatlarga ega va yangi istiqbolli krosslarni yaratish ishlarini kengaytirish lozim. To'g'ri, bunda chet el genetikasi yutuqlarini ham inobatga olish samarali hisoblanadi.

Biz “Saxovat” (Toshkent viloyati), “Mirzaobod parranda” (Sirdaryo viloyati) kabi o'ndan ortiq parrandachilik hamda “Intermilk” (Sirdaryo viloyati) va “Tegen” (Toshkent viloyati) kabi qator chorvachilik korxonalarida bo'lib, mollarini oziqlantirish hamda ularning salomatligini saqlashning holati bilan tanishdik. Ijobiy o'zgarishlar katta – mutaxassislar o'z vazifalarini bajarib kelmoqda. Shu bilan birga, bu sohaning genetikasi, veterinariyasi va selektsiyasida erishilgan yutuqlarni keng joriy qilish talab etiladi. Bu masalada Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e'tiborga molik ishlar olib borilayotganligi tahsinga sazovor. Birgina misol. Fanlar akademiyasi Zoologiya institutining flora va faunadagi nematodani yo'qotish bo'yicha innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish bo'yicha amalga oshirilayotgan ilmiy loyiha nafaqat O'zbekiston, balki dunyoda, shu jumladan, biz vengriyalik mutaxassislarda ham qiziqish uyg'otmoqda. Mikrobiologiya instituti olimlarining qishloq xo'jaligi jonzotlarining mikrobiomlarini tartibga solish, ozuqa yemlardagi mikrotoksinlarga qarshi kurash texnologiyalari ham e'tiborli hisoblanadi.

Shu kabi yangilikarni amaliyotga qo'llashda  Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan biz hamkorlikdagi ishlarni kengaytiryapmiz. Masalan, innovatsion rivojlanish hududi hisoblanadigan Do'stlik tumanida o'z markazimizni tashkil qilishga qaror qildik. Bu markaz nafaqat Jizzax viloyati, balki respublikaning barcha hududlaridagi qishloq xo'jaligi korxonalariga xizmat ko'rsatadi.

Bundan tashqari, parrandachilik mahsulotlarning biologik va ekologik xavfsizligini ta'minlash, parrandalarni boqish va ularga berilayotgan ozuqaning tarkibi, sifati, turli xil antibiotik, ksenobiotik va pestitsidlar kabi qo'shimchalarning ishlatilishini nazorat qilish bo'yicha ham hamkorlik qilish, mutaxassislar uchun o'quv kurslarini tashkil etish va malakasini oshirishni rejalashtirib oldik.

Kelgusida innovatsion hudud hisoblanadigan boshqa tumanlarda ham o'z vakilligimizni tashkil qilishni rejalashtiryapmiz.