Yarim million dollar — oʻtgan hafta deyarli shuncha narxga chiroyli avtoraqamlar sotildi

    7-13-noyabr kunlari chiroyli raqamlar muxlislari mamlakat xazinasiga 5,4 milliard soʻm (480 ming dollar) dan ortiq mablagʻ kiritishgan. 2638 nafar kishi raqamlar onlayn kim oshdi savdosida ishtirok etgan va xaridor boʻlgan.

    Raqobatli savdolarning 8,4% premium klassga, 7,2% ikkinchi toifaga, 7,1% uchinchi toifaga, 10% toʻrtinchi toifaga, 18,6% beshinchi toifaga va 48,7% oltinchi toifaga toʻgʻri keladi.

    Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi maʼlumotlariga koʻra, yanvar-iyul oylarida chiroyli avtomobil raqamlarini sotishdan tushgan mablagʻ 174 milliard soʻm (taxminan 15,9 million dollar)ga yetgan. Eng qimmat raqam 31 ming dollarga sotilgan.

    2022-yil qanday koʻrsatkichlar bilan yakunlanishi hozircha nomaʼlum, ammo oʻtgan yili jami 139,4 mingdan ziyod chiroyli avtomobil raqamlari 298,8 milliard soʻm (taxminan 28 million dollar)ga sotilgan. Eng qimmat raqam narxi 441,5 million soʻm (taxminan 40 ming dollar)ni tashkil etgan.

    Eslatib oʻtamiz, onlayn kim oshdi savdolarida avtoraqamlarni sotishdan tushgan mablagʻlarning 80 foizi davlat byudjetiga, 20 foizi Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga, xodimlarni ijtimoiy ragʻbatlantirish va boshqa xarajatlar maxsus fondiga yoʻnaltiriladi.

    Avtomobilni sotish, sovgʻa qilish, almashtirish paytida chiroyli raqam egasi uni saqlab qolishi, qarindoshlariga topshirishi yoki mashinasining yangi egasi foydasiga voz kechishi, bundan tashqari, egasi oʻz xohishiga koʻra uni meros qilib berishi mumkin.