Unda turizm sohasida faoliyat yuritayotgan sayyohlik firma masʼullari, xorijiy turistlar ishtirok etdi.

Prezidentimizning 2021-yil 9-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida “Yarim soat ichida jannatmakon Oʻzbekiston boʻylab sayr” nomli sayohat uyushtirildi.

Taʼkidlash joizki, sehrli sayohatga chorlovchi mazkur loyihaning ilk namoyishi 15-iyun kuni boshlangan boʻlib, butun turizm mavsumi davomida uzluksiz davom etishi koʻzda tutilgan.

Yarim soat ichida jannatmakon Oʻzbekiston boʻylab sayr tadbiri mehmonlari “Koinot va yerni bogʻlovchi majoziy darvoza” oldidan boshlagan sayohatlarni Surxondaryo hududida qadimgi Baqtriya tarixi va baxshichilik sanʼati bilan jonli ijrosi bilan tanishdilar. Samarqand karvonsaroyida meʼmorchilik va buyuk ipak yoʻli haqidagi maʼlumot olib, hunarmandlar mahorat darsi tamosho qildilar. Toshkent xonadonlarida “Kelin salom” va “Alla aytish” marosimlariga guvoh boʻlishdi, xorazmlik kulolchilik va raqs sanʼatidan zavq olishdi, “Labi hovuz” maydonida milliy sport turimiz boʻlgan kurash haqida maʼlumot oldilar.

Qayd etish joiz, milliylik va zamonaviylik ruhini oʻzida mujassam etgan “Navruz” etno-bogʻi — ochiq osmon ostida joylashgan haqiqiy muzey sifatida yurtimiz aholisi hamda sayyohlarda ham katta qiziqish uygʻotadi. Bogʻ ichida joylashgan etnografik shaharchada Qoraqalpogʻiston Respublikasi va yurtimiz barcha viloyatlar nomlari bilan ataladigan koʻchalar va qadimiy uslubda uylar bunyod etilib, har bir hududning oʻziga xos anʼanalari, hunarmandchiligi, turmush tarzi aks ettirilgan.

Eslatib oʻtamiz, “Navroʻz” etno-bogʻi, davlatimiz rahbarining 2017-yil 7-avgustdagi qaroriga asosan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan qurilgan.