Yaroqsiz mahsulot sotib olgan fuqarolar pulini qaytarib oldi

    Buxoro shahrida yashovchi fuqaro L.Sh. shaharning To'qimachi bozoridagi tadbirkorga o'zining A50 rusumli telefonini 1 million 470 ming so'mga sotib, bu pulga qo'shimcha 1 million 417 ming so'm berib S9+ uyali telefonini xarid qilgan.

    Ammo ko'p vaqt o'tmay telefonning sifatsizligi ma'lum bo'lgach iste'molchi bir necha marotaba tadbirkorga telefonni qaytarib berish uchun murojaat qiladi. Tadbirkor esa turli vajlar bilan rad javobini beradi. Bundan norozi bo'lgan fuqaro L.Sh. O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 raqamli ishonch telefoniga murojaat qiladi.

    Murojaat o'rganilishi natijasida iste'molchiga S9+ uyali telefon uchun to'langan 2 million 887 ming 500 so'm puli to'liq qaytarib berildi.

    Yana bir murojaat Buxoro viloyati Kogon shahrida yashovchi fuqaro Ya.G. tomonidan kelgan bo'lib, unda iste'molchi Buxoro shahridagi “ORZU TECH” savdo do'konidan joriy yilning 15 iyun kuni printer uskunasini 2 million so'mga xarid qilgani, ammo printer ishlamayotgani va savdo do'koni mas'ullari tomonidan almashtirib berilmayotganini aytadi.

    Mazkur murojaatga aniqlik kiritish maqsadida federatsiyaning Kogon shahar jamiyati xodimlari surishtiruv o'tkazdi. “ORZU TECH” savdo do'koni ishchi-xodimlariga amaldagi qonun hujjatlari talablari doirasida tegishli tushuntirishlar berilgandan so'ng, sifatsiz printer savdo do'koniga qaytarilib, iste'molchi to'lagan 2 million so'm pul mablag'i to'liq undirib berildi.