Yaqinda Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari (R.Kusherbayev, D.Gʻaniyev, B.Eshmurzayev) Davlat bojxona qoʻmitasi raisi hamda Moliya vaziriga “UzAuto Motors” AJ va “Jizzax avtomobil zavodi” MCHJ uchun avtomashinalarni import qilishda import boji va utilizatsiya yigʻimidan ozod qilish borasida Hukumat qarori yoki imtiyozli huquq taqdim etilganligi borasida batafsil maʼlumot berish hamda mamlakat avtomobil bozoridagi raqobat muhitini yaxshilash, isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida avtomobillar uchun import bojlarini kamaytirish masalasi boʻyicha oʻz nuqtai-nazarini bayon etishni soʻrab “deputatlik soʻrovi” yuborgan edik.
Kecha soʻrovga Davlat Bojxona qoʻmitasidan javob kelgani xabarini yetkazishdi, ammo javobni qoʻlimizga berishmadi. Chunki javob maxfiy hujjat sifatida yuborilibdi...
Tasavvur qilayapsizmi: jamiyatni, jamoatchilikni qiziqtirayotgan, davlat va jamiyat xavfsizligiga bogʻliq boʻlmagan masalada bizning ochiq yuborayotgan soʻrovlarimizga javoblar maxfiy, qoʻmita raisining nuqtayi nazari ham maxfiy va biz undan foydalana olmaymiz. Kulishni ham yigʻlashni ham bilmaysan.
Boshqalardan farqli oʻlaroq deputat faoliyati ochiq boʻlib, jamoatchilikni qiziqtirgan masalalar yuzasidan oshkora muloqotlar olib borishni burchimiz, deb bilganimiz sababli kelgusida bizni qandaydir “qoʻrqinchli sir”larni oshkor etib, yoʻq obroʻsini tushirishda ayblamasliklarini hoxladik. Shundogʻam payt poylab turishibdi
Shu nuqtayi nazardan qoʻlimizga olish mumkin boʻlmasa-da faqat tanishib, keyin jim yurilishi kerak boʻlgan maxfiy javob bilan tanishishdan bosh tordik
Shu bois, bu soʻrovga javob olmadik, deb hisoblasak ham boʻlaveradi.
Shubhalar tasdigʻini topib borayapti...
Katta ehtimol bilan Moliya vaziri ham javobda shunday “priyom” qoʻllasa kerak. Kutamiz, lekin qaytish yoʻq.
Hozircha esa yashasin ochiqlik, “yashasin” “UzAuto Motors” monopoliyasi!
Rasul Kusherbayev