Yashil iqlim fondining “Elektromobillik dasturi” Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida amalga oshiriladi

    Oʻzbekiston Transport vazirligida Osiyo taraqqiyot banki vakillari bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Transport vazirligi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, uchrashuv chogʻida Yashil iqlim fondining “Elektromobillik dasturi”ni moliyalashtirish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

    Yetti mamlakatda, jumladan, Oʻzbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan mazkur dasturni moliyalashtirish boʻyicha taklif etilayotgan mablagʻ 170 million AQSH dollarini tashkil etadi.

    Tijorat elektromobillarini ommalashtirishdagi toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan ushbu dastur, elektrobuslar parkini va yordamchi infratuzilmani joylashtirish, jamoat transporti tizimini yaxshilash hamda uning barqarorligini taʼminlashni nazarda tutadi. Shuningdek, elektromobillarni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlashni koʻzda tutuvchi 4 ta yoʻnalishni oʻz ichiga oladi.