Ayniqsa, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oʻtish jarayoni nafaqat zamonaviy talab, balki insoniyatning istiqbolini belgilaydigan muqarrar voqelik sifatida namoyon boʻlmoqda. Shu nuqtayi nazardan, gidroenergetika ekologik toza energiya manbai boʻlishi barobarida, murakkab geosiyosiy va iqtisodiy sharoitlarda strategik ahamiyatga ega tizim hamdir.
Soʻnggi yillarda yurtimizda ushbu yoʻnalishda qator tizimli islohotlar amalga oshirilayotgani xalqaro maydonda ham qiziqishlarga sabab boʻlayotir. Jumladan, jahondagi nufuzli “Sustainable Fitch” (London) xalqaro reyting agentligi “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini faoliyati toʻliq ekologik barqarorlikka hissa qoʻshayotgan kompaniya sifatida eʼtirof etdi.
Ekologik barqarorlikni taʼminlovchi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari inson va tabiat oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlashda strategik ahamiyatga ega. Bu jarayonda “Oʻzbekgidroenergo” AJning oʻrni beqiyos. Uning soʻnggi yillardagi faoliyati Oʻzbekistonning yangi davrdagi ekologik va iqtisodiy siyosatining yorqin ifodasidir.
Shu bilan birga, “Sustainable Fitch” xalqaro reyting agentligi “Oʻzbekgidroenergo”ning ESG reytingi (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv samaradorligi)ni “2” darajada tasdiqladi hamda umumiy ballini 72 dan 79 ga oshirdi. Bunday yuqori koʻrsatkich kompaniyaning iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatishga qoʻshgan ulkan hissasi, shuningdek, 2024-yilda ishlab chiqilgan “Iqlim strategiyasi – 2050” orqali issiqxona gazi chiqindisini qisqartirish boʻyicha aniq maqsadlar belgilaganini anglatadi.
Bu, avvalo, mamlakatimizda iqlim oʻzgarishlari masalasi boʻyicha xalqaro maydonda eʼtirof etilarli darajada tizimli ishlar qilinayotganining yaqqol dalilidir. Shu bilan birga, Oʻzbekistonning kelajagini taʼminlash yoʻlida ekologik toza energetika tizimiga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani, barqaror rivojlanish tamoyillariga sodiq qolinayotganini ham anglatadi.
“Sustainable Fitch” agentligi taʼkidlaganidek, “Oʻzbekgidroenergo” AJ bugun Markaziy Osiyodagi eng yuqori ESG reytingiga ega kompaniya sifatida tan olindi. Bu natija nafaqat kompaniya faoliyatining samaradorligi, balki Oʻzbekistonda barqaror energetika, ekologik masʼuliyat va uzoq muddatli rivojlanish tamoyillariga amal qilinayotganini ham yaqqol tasdiqlaydi.
“Oʻzbekgidroenergo” hozir mamlakatimizdagi asosiy gidroenergetika ishlab chiqaruvchisi boʻlib, 75 ta gidroelektr va 1 ta shamol elektr stansiyasini boshqaradi. 2024-yil yakunlariga koʻra, umumiy quvvati 2256 megavattni tashkil etadi. Bu raqam ortida nafaqat energiya taʼminoti, balki barqaror rivojlanish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini hayotga joriy etishdek ulkan maqsad mujassam.
Aksiyadorlik jamiyati 2050-yilgacha moʻljallangan iqlim strategiyasini qabul qilgan. Unda Scope 1 va Scope 2 turkumiga kiruvchi issiqxona gazi chiqindisini 2028-yilgacha 20 foiz kamaytirish rejalashtirilgan. Bu hujjat nafaqat texnik dastur, balki falsafiy jihatdan ham muhim qadriyatlarga asoslanadi. Chunki iqlimni asrash bugun insoniyat oldida turgan eng masʼuliyatli vazifalardan biridir. Oʻz navbatida, dekarbonizatsiya boʻyicha bunday uzoq muddatli strategiya Oʻzbekistonda ilk bor amalga oshirilayotgani ham alohida ahamiyatga ega.
“Oʻzbekgidroenergo” ijtimoiy yoʻnalishda ham mustahkam pozitsiyaga ega. Xodimlar qoʻnimsizligi koʻrsatkichi pastligi — kompaniyadagi barqaror kadrlar siyosati, samarali boshqaruv va sogʻlom ish muhitining yorqin isbotidir. Bu holat esa, oʻz navbatida, ishlab chiqarishda samaradorlik va korporativ madaniyatni oshirishga xizmat qiladi.
Korporativ boshqaruvda ham “Oʻzbekgidroenergo” AJ mukammal tizim yaratgan. Ikki bosqichli boshqaruv strukturasi, xalqaro ISO standartlari joriy etilishi, samarali risk-menejment mexanizmi — bularning barchasi kompaniyaning ochiqlik va shaffoflikka sodiqligini anglatadi. Yanada muhim jihati — hisobot davrida birorta ham boshqaruv insidenti yoki qonunbuzarlik holati qayd etilmagan.
Bunday yutuqlar tasodif emas. Ular davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari, yaʼni ekologik toza energiya, inson kapitali va masʼuliyatli boshqaruv modelini hayotga tatbiq etish orqali amalga oshirilmoqda. Bu yutuqlar nafaqat bugungi iqtisodiy manfaatdorlik, balki ertangi avlodga toza muhit, barqaror energetika va masʼuliyat hissini meros qilib qoldirishga xizmat qiladi.
Sardor TOLLIBOYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri









