Bu “Oʻzbekiston–2030” strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil« iqtisodiyot yili«da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasida keltirib oʻtilgan.
Kimlarga beriladi?
Loyihaga koʻra, koʻkalamzorlashtirishga hissa qoʻshgan, jumladan, korxonani “yashil belbogʻ” bilan oʻragan, sugʻorish tizimlarini oʻrnatgan, tomchilatish, yomgʻirlatish va konteynerli (qopli) sugʻorish tizimini joriy qilgan, energiya tejamkorligi, jumladan, energiya tejovchi uskunalar va texnologiyalarni amalda qoʻllagan tadbirkorlarga “Yashil tadbirkor” maqomi beriladi.
Shuningdek, bunday tadbirkorlar korxonaning atrof-muhitga taʼsirini kamaytirishi, jumladan, ekologik huquqbuzarlik sodir etmasligi, atmosferaga tashlamalarni onlayn monitoring qilish tizimidan foydalanishi va ishlab chiqarishga sirkulyar iqtisodiyotni joriy qilish (“7R”) tamoyilini tatbiq etishi lozim.
Qanday imtiyozlar taqdim etiladi?
“Yashil tadbirkor” maqomini olgan tadbirkorlik subyektlari “Shaffof qurilish” platformasida ustuvorlikka ega boʻladi. Shuningdek, muayan muddat davomida ekologik tekshiruvlardan ozod etiladi va xalqaro bozorlarga chiqish uchun qoʻllab-quvvatlanadi. Qolaversa, taqdirlash uchun “Tabiat himoyachisi” koʻkrak nishoniga tavsiya etiladi va tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi doirasida qoʻshimcha ball beriladi.
Qanday foydali tomonlari bor?
“Yashil tadbirkor” platformasining ishga tushirilishi Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi doirasida “yashil” va inklyuziv iqtisodiy oʻsishni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshiradi. Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida resurslarni tejashni yanada kengaytirishga yordam beradi.