Quyidagilar ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib belgilandi:
- 2026-2027-yillar davomida respublikaning har bir hududida oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlaydigan 14 ta “yashil” texnikumlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
- 2030-yilgacha respublikaning har bir hududidagi “yashil” texnikumlarda 10 000 nafar oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash uchun ekologik taʼlim va ilmni yanada rivojlantirish.
2026–2028-yillarda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi sohasida ilmiy daraja olgan nomzodlar sonini 150 nafargacha yetkazish.
2026/2027 oʻquv yilidan mazkur qarorda koʻrsatilgan taʼlim muassasalari “yashil” texnikumlar sifatida qayta tashkil etiladi hamda ularda hududning ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlaridan kelib chiqib, sohalar uchun oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
“Yashil” texnikumlarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash va taʼlim sifatini oshirish maqsadida ular Kasbiy taʼlim agentligi bilan kelishuv asosida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Universitet) ga biriktiriladi.
“Yashil” texnikumlarda Ekostipendiya taʼsis etiladi
Qarorga koʻra, Universitet hamda “Yashil” texnikumlar taʼlim tizimining uzviyligini taʼminlash maqsadida 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab:
- “yashil” texnikumlarda taʼlim jarayoni Universitet tomonidan ishlab chiqiladigan va Kasbiy taʼlim agentligi tasdiqlaydigan taʼlim dasturlari asosida tashkil etiladi;
- “yashil” texnikumlarda majburiy va tanlov fanlari Universitet tomonidan belgilanadi;
- Universitetning 1-bosqichida oʻqitiladigan mutaxassislik fanlari “yashil” texnikumlarning 2-bosqich oʻquv dasturlariga maxsus kurs sifatida kiritiladi;
- “yashil” texnikumlarni muvaffaqiyatli bitirgan ingliz tilidan V2 darajaga ega boʻlgan bitiruvchilarga Universitet tomonidan belgilangan ballar oʻrtacha qiymatidan (GPA) kelib chiqib, bakalavriatning 2-bosqichidan oʻqishni davom ettirishga ruxsat beriladi;
- “yashil” texnikumlarda Ekostipendiya taʼsis etiladi va har yili 10 nafargacha iqtidorli oʻquvchilarga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmagan miqdorda stipendiya toʻlanadi.
“Yosh ekolog” koʻkrak nishoni taʼsis etiladi
Qarorga koʻra, 2026-yildan oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan yashil kampus loyihalari ishlab chiqiladi va Ekologiya qoʻmitasi bilan kelishiladi.
2026-yil 1-maydan “10 ming qadam piyoda” tajribasi qayta tiklanadi hamda “Sogʻlom turmush tarzi” platformasi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-maydan boshlab quyidagi darajalarda “Yosh ekolog” koʻkrak nishoni taʼsis etiladi:
- maktab oʻquvchilari oʻrtasida III darajali “Yosh ekolog”;
- texnikum oʻquvchilari va oliy taʼlim muassasalari talaba-yoshlari oʻrtasida II darajali “Yosh ekolog”;
- xalqaro va mahalliy miqyosda yuqori natijalarga erishgan yoshlar oʻrtasida I darajali “Yosh ekolog”.