Unda “Yashil texnologiyalar vodiysi”ning maqsadi, vazifalari, undan kutilayotgan natijalar haqida maʼlumot berildi. Bu loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, «Oʻzkimyosanoat» AJ hamda Drezden texnika universiteti (Germaniya) hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Konsorsiumning maqsadi vodorod energetikasi texnologiyalari, karbon (uglerod) tolasini ishlab chiqarish texnologiyasi, texnogen chiqindilardan qora va rangli metallar ajratib olish texnologiyalari, xususiyatlari oldindan belgilangan materiallar yaratish, yangi tur yengil va mustahkam materiallarni ishlab chiqish, sinash va tajriba-sanoat darajasida joriy etish boʻyicha mega-loyihalarni amalga oshirishdan iborat.
Oʻz FA Materialshunoslik institutining noyob ilmiy obyekti “Katta quyosh qurilmasi” bazasida, shu qatorda, chet ellik ilmiy markazlarni ham jalb qilgan holda bir qator innovatsion va amaliy izlanishlar olib borilmoqda. Masalan, Qurilmada mujassamlashgan Quyosh nurlari yordamida qizitish hisobiga foto katalitik usul bilan bevosita suvdan vodorod olish jarayonlari boʻyicha izlanishlar olib borilgan. Mujassamlashgan Quyosh nurlaridan foydalanish, yuqori qiymatga ega energiya sarfisiz, suvni parchalashga kerak boʻladigan yuqori haroratlarga (1500 S dan yuqori) erishish imkonini beradi.
Vodorodni Quyosh nurlari yordamida ishlab chiqarish yorugʻlik yutuvchilar va katalizatorlarning turli xil birikmalaridan foydalanish tufayli ancha samarali jarayon boʻlishi mumkin, kimyoviy birikmaning samaradorligini ikki baravar oshirgan holda nurni yutib va suv molekulalarini parchalab vodorod yoqilgʻisini ishlab chiqarishni taʼminlaydi.
Hozirgi vaqtda, mujassamlashgan Quyosh nuri hisobiga vodorod ishlab chiqarish boʻyicha mega-loyihani amalga oshirish masalasi Darmshtadt universiteti (Germaniya), Kyushi universiteti (Yaponiya), Koreya sanoat texnologiyalari instituti (KITECH), RFA Silikatlar kimyosi institutlari (Rossiya) bilan muhokama qilinmoqda.
Matbuot anjumanida loyiha doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ilmiy izlanishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.