“Yashil texnologiyalar vodiysi” ilmiy-texnologik Konsorsiumi — sanoatni rivojlantirishda muhim qadam

    Fan 20 May 2021 2960

    Toshkent viloyati Parkent tumanidagi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi S.A.Azimov nomidagi “Fizika-quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Materialshunoslik institutida «Yangi materiallar va geliotexnologiyalar» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya boshlandi.

    Tadbirda Yadro fizikasi instituti, Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti hamda Fizika-texnika institutlari, I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Ilgʻor texnologiyalar markazi, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti mutaxassislari, akademik-olimlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Asosiy maqsad yangi materiallar, geliotexnologiyalar va qayta tiklanadigan energiya manbalarini yaratish, takomillashtirish va ulardan foydalanish masalalarini tahlil qilish, muhokama etish va ilmiy asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqishdan iboratdir.

    Konferensiya davomida AQSH, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Belorus va mamlakatimiz olimlarining koʻp funksional materiallarni yaratish, ulardan mahsulot ishlab chiqarishning ilgʻor texnologiyalari, shuningdek, geliotexnologiyalar va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan amaliy foydalanish masalalariga bagʻishlangan ilmiy maʼruzalari tinglandi.

    Mazkur tadbir davomida sohani rivojlantirishga katta hissa qoʻshgan taniqli olim, t.f.d, professor Gʻiyos Umarov tavalludining 100-yilligi nishonlandi. Olimning shogirdlari, hamkasblar tomonidan keng koʻlamli faoliyati eʼtirof etildi.

    Shuningdek, Oʻzbekistonda birinchi marta tashkil etilayotgan “Yashil texnologiyalar vodiysi” ilmiy-texnologik Konsorsiumining taqdimoti oʻtkazildi.

    Ushbu loyiha Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va «Oʻzkimyosanoat» AJ tashabbusi bilan tashkil etilmoqda. Uning asosiy maqsadi vodorod energetikasi texnologiyalari, karbon tolalarini olish usullari, oʻta oʻtkazuvchan materiallar va xususiyatlari oldindan belgilangan materiallar sohasida ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish, sinash, tajriba sinovlarini oʻtkazish boʻyicha hamkorlikdagi mega-loyihalarni amalga oshirishdir.

    Mazkur konferensiya 21-may kuni ham boʻlib oʻtadi.