Soliq organlari tomonidan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish maqsadida, umumiy ovqatlanish sohasida onlayn – NKTdan foydalanish hamda tadbirkorlik subektlari tomonidan ayrim tovarlarni majburiy raqamli markirovkalash qoidalariga rioya qilinishi boʻyicha sayyor soliq tekshiruvlari oʻtkazilmoqda.
Joriy yilning sentyabr oktyabr oylarida oʻtkazilgan 1 315 ta nazorat tadbirlarida qator huquqbuzarlik holatlari aniqlangan. Natijada huquqbuzarlarga nisbatan jami 10,8 mlrd soʻm miqdorida moliyaviy jarima qoʻllanilgan.
Umumiy ovqatlanish sohasida :
- 960 ta holatda xaridorga onlayn-NKTdan 117,4 mln soʻmga chek berilmaganligi hamda 529,8 mln soʻm naqd pullar onlayn-NKTga kirim qilinmaganligi;
- 113 ta holatda 141 nafar norasmiy ishchilar faoliyat yuritayotganligi;
- 63 ta holatda markirovkalanmagan 4,6 mln soʻmlik alkogol mahsulotlari savdoga qoʻyilganligi;
- 15 ta holat (nazorat xaridi)da toʻlovlarni jismoniy shaxslarning bank plastik kartalariga oʻtkazish orqali amalga oshirilganligi;
- 41 ta holatda foydalanilayotgan avtomatlashtirilgan hisobga olish oʻlchov vositalarini soliq organlari axborot tizimlariga integratsiya qilinmaganligi aniqlangan.
Markirovkalash qoidalariga rioya qilinishi (121 ta dori vositalari va tibbiy buyumlar 114 ta alkogol, 84 ta tamaki, 34 ta maishiy texnika sotuvchilar):
- 343 ta holatda onlayn-NKTdan 32,4 mln soʻmga chek berilmaganligi hamda 283,2 mln soʻm naqd pullar onlayn-NKTga kirim qilinmaganligi;
- 47 ta holatda markirovkalanmagan 63,4 mln soʻmlik mahsulotlar savdoga qoʻyilganligi;
- 21 ta holatda 6,3 mln soʻmlik aksiz markasiz va hujjatsiz alkogol va tamaki mahsulotlari savdoga qoʻyilganligi aniqlandi.
Bundan tashqari, Soliq qoʻmitasi xodimlari tomonidan alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi “U.Sh” MCHJda oʻtkazilgan sayyor soliq tekshiruvida:
- 31,1 mln soʻmlik tovar moddiy zaxiralari qoldigʻi omborlarda mavjud emasligi;
- 38,9 mln soʻmlik tovar moddiy zaxiralari qoldigʻi omborlarda ortiqchaligi;
- 960,9 mln soʻmlik 139,4 ming dona ishlab chiqarilgan alkogol mahsulotlar buxgalteriyada aks ettirilmaganligi;
- 1 507,4 mln soʻmlik 199 ming dona ishlab chiqarilgan alkogol mahsulotlari boʻyicha maʼlumotlar “Asl belgisi” axborot tizimiga yuborilmaganligi;
- 7 nafar ishchilarning ish haqi summasi hisobotda aks ettirilmaganligi aniqlandi.
Natijada SK 223- va 227 prim 1- moddalariga asosan korxonaga nisbatan 426,7 mln soʻm moliyaviy jarima qoʻllanilgan.