Maʼlum qilinishicha, Prezidentimizning “Avtomobil transportida yoʻlovchilar tashish faoliyatini tartibga solishni yana-da soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, 2021-yil 15-maydan boshlab jismoniy shaxslarga taksichilik faoliyati bilan shugʻullanish boʻyicha yengilliklar berilgan.

Unga koʻra, jismoniy shaxslar “Yengil avtotransport vositalarida yoʻlovchilarni tashish” faoliyati bilan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtishi lozim. Shu bilan birga, jismoniy shaxslar taksichilik qilishi uchun litsenziya varaqasi ham olishlari kerak boʻladi.

Bu faoliyat bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar respublika hududida faoliyatini olib borish joyidan qatʼi nazar, 2021-yil uchun har oylik 150 ming soʻm miqdorida qatʼiy va belgilangan miqdordagi ijtimoiy soliqni toʻlaydi. Shuningdek, litsenziya varaqasi uchun yiliga 245 ming soʻm davlat boji undirilishi qayd etildi.

Shuningdek, 2021-yil 1-sentyabrgacha YATT sifatida davlat roʻyxatidan oʻtganlik uchun davlat boji undirilmasligi taʼkidlandi.