Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarovning mamlakatimizga tashrifi juda samarali yakunlanganini alohida taʼkidlash lozim. Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va strategik sheriklikka asoslangan munosabatlarni yana-da rivojlantirish va mustahkamlash masalalarini keng muhokama qildilar.
Mazkur tashrifni haqli ravishda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil sentyabr oyida Qirgʻizistonga amalga oshirgan tarixiy tashrifining mantiqiy davomi, deb atash mumkin. Zero, oʻshanda ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochilgan edi. Shundan beri bordi-keldi aloqalar misli koʻrilmagan darajada rivojlandi. Masalan, 2017-yildan beri Oʻzbekiston – Qirgʻiziston chegarasida 18 ta nazorat punkti ochildi. Bu esa ikki mamlakat fuqarolariga ancha qulaylik yaratmoqda. 2019-yilda Oʻzbekiston 4,6 millionga yaqin fuqarosi Qirgʻizistonga, Qirgʻizistonning esa 1,4 million fuqarosi Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Bu oldingi davrlarga nisbatan ancha koʻpdir.
Prezident Sadir Japarovning tashrifi davomida esa kuzatilayotgan mana shu oʻsish surʼatlarini izchil davom ettirishga kelishib olindi. Ayniqsa, ikki davlat rahbarlarining oʻzaro muloqoti juda iliq va doʻstona ruhda oʻtgani barchamizni quvontirdi. Davlat rahbarlari ikki va koʻp tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini keng muhokama qildilar. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Qirgʻiziston bilan jiddiy va keng koʻlamli hamkorlikka tayyor ekanini, uning haqiqiy natijalarini oʻzbek va qirgʻiz xalqlari oʻz hayotida yaqqol his qilishi kerakligini alohida taʼkidladi.
Muzokaralar yakunida oʻzaro hamkorlikning turli yoʻnalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolanganining oʻziyoq ushbu tashrif nechogʻli katta ahamiyatga ega boʻlganidan dalolat beradi. Tomonlar tovar aylanmasini koʻpaytirish, korxonalar va biznes obyektlari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, Qirgʻiziston-Oʻzbekiston investitsiya fondini yaratish, transport kommunikatsiyasi imkoniyatlaridan, suvdan samarali foydalanish va energetika sohasidagi hamkorlik, chegara masalalarini hal qilish, taʼlim, madaniyat, sogʻlikni saqlash kabi yoʻnalishlarda muhim kelishuvlarga erishdilar.
Ikki davlat rahbarlari muzokaralari yakuni boʻyicha qabul qilingan qoʻshma bayonotda tomonlar Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik sheriklik, doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini faol ravishda rivojlantirish va mustahkamlash toʻgʻrisida kelishib olgani qayd etildi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar rivojida parlamentlararo aloqalar ham muhim ahamiyatga ega. 1991-yildan beri mamlakatlarimiz parlamentlari vakillarining 20 dan ortiq oʻzaro tashrifi amalga oshirildi. Oliy Majlisda Qirgʻiziston parlamenti bilan, Jogorku Keneshda esa Oʻzbekiston parlamenti bilan hamkorlik guruhlari faoliyat koʻrsatmoqda.
Prezident S.Japarov oʻz tashrifi davomida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi T.Norboyeva va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri N.Ismoilov bilan ham uchrashdi. Mazkur uchrashuvlarda tomonlar ikki mamlakat qonunchilik organlari oʻrtasidagi aloqalarni yana-da kuchaytirish, xususan, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston parlamentlari rahbarlarining oʻzaro tashriflari amaliyotini davom ettirish, qonun ijodkorligi sohasida hamkorlikni kengaytirish, Oliy Majlis va Jogorku Kenesh shafeʼligida mintaqalararo forumlar oʻtkazish, ikki mamlakat Prezidentlari muzokaralarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda parlamentlarning rolini oshirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Qirgʻiziston Prezidenti Oʻzbekiston bilan parlamentlararo hamkorlik kengayishidan manfaatdorligini taʼkidlar ekan, pandemiya sababli qoldirilgan tadbirlar, jumladan, ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiyaning uchinchi yigʻilishi yaqin orada boʻlib oʻtishiga umid bildirdi.
Umuman, Qirgʻiziston Prezidentining tashrifi juda samarali yakunlandi. Tomonlar kelgusida ikki qoʻshni mamlakat oʻrtasida hamkorlikni yana-da kengaytirishda xohish ham, intilish ham, siyosiy iroda ham borligini namoyish qildilar. Galdagi vazifa mana shu ahdlashuvlarni hayotga toʻliq joriy etishdan iborat. Zero, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida barcha yoʻnalishlarda samarali hamkorlikni jadal rivojlantirish ikki qardosh xalqni bir-biriga yana-da yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Qodir JOʻRAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
siyosiy fanlar doktori.