Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nasirov Qirgʻiz Respublikasi Bosh vaziri Ulugʻbek Maripovning mamlakatimizga tashrifi natijalarini izohlar ekan: “Oʻzbekiston va Qirgʻiziston hukumat delegatsiyalari oʻrtasidagi muzokaralar, ikki Davlat rahbarlarining joriy yil mart oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan sammitidan soʻng erishilgan kelishuvlarining yana bir amaliy ijrosi boʻldi”, deya taʼkidladi.

“Toshkentda Hukumatlararo komissiya doirasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha oʻtkazilgan muzokaralar va uchrashuvlar sanoat kooperatsiyasi, transport, energetika, yengil sanoat, qishloq va suv xoʻjaligi sohalarida istiqbolli hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish va rivojlantirishga imkon berdi.

Ikki hafta muqaddam Davlat rahbarlari oliy darajadagi uchrashuvlari yakunida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev va Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti S.N. Japarov yaqin kelajakda davlatlarimiz oldida oʻzaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi turganini taʼkidladi.

Tomonlar iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida, jumladan agrosanoat sohasi, toʻqimachilik, ishlab chiqarish, togʻ-kon va metallurgiya, farmatsevtika va elektrotexnika sanoati, transport, qurilish, savdo, tadbirkorlikni rivojlantirish, energetika va turizmda mavjud salohiyat va imkoniyatlardan toʻlaqonli foydalanishda koʻmaklashishga kelishib oldilar.

Yigʻilish davomida ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, oʻzaro tashriflarni tashkil etish va ikki tomon uchun ham manfaatli boʻlgan loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston-Qirgʻiziston qoʻshma taraqqiyot jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etishni jadallashtirish va qiymati 550 million dollardan ortiq boʻlgan loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadigan sanoat kooperatsiyasining “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirishni tezlashtirish muhimligi qayd etildi.

Ikki mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida qishloq xoʻjaligi va zarur meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhimligini qayd etdi.

Davlat rahbarlari oʻrtasidagi kelishuvlarga muvofiq, energetika va suv sohasida konstruktiv aloqalar taʼminlangani taʼkidlandi. Soʻnggi yillarda, elektr energiyasi va suv taʼminoti masalasi ilk martaba toʻliq ijobiy hal etildi. Ayniqsa, bu vegetatsiya davri uchun juda muhim hisoblanadi. Qororlar oʻzaro manfaatlarni va zaruriy ehtiyojlarni inobatga olgan holda qabul qilindi.

Xalqaro maydondagi soʻnggi voqealarni hisobga olgan holda, ikki mamlakat tranzit salohiyatidan toʻliq foydalanish boʻyicha aloqalarni yana-da faollashtirishga doir kelishuvlar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu avvalo, Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi, Toshkent-Andijon-Oʻsh-Saritosh-Irkeshtom multimodal yoʻnalishining ahamiyatini oshirish toʻgʻrisida loyihalarga daxldordir.

Qambarota GES-1ni qurish, shuningdek Qirgʻizistonda kelajakda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini barqaror suv resurslari bilan taʼminlaydigan boshqa istiqbolli energetika loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar muzokaralar davomida, zamonaviy issiqxona va intensiv bogʻlar yaratish, ehtiyojga mos miqdorda agrosanoat mahsulotlarini yetkazib berish rejalari bilan oʻrtoqlashdilar. Madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish masalalariga asosiy eʼtibor qaratildi. Tomonlar madaniyat, ilm-fan, taʼlim sohasidagi qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirish, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va qardoshlik aloqalarini chuqurlashtirishga qaratilgan hamkorlikka tayyorligini bildirdilar.

Taʼkidlash joizki, 24-25-martda Davlat chegarasini delimitatsiya masalalari boʻyicha oʻtkazilgan Hukumat delegatsiyalari muzokaralari oʻzaro maʼqul va manfaatli yechimlar qabul qilingani, koʻp asrlik oʻzbek-qirgʻiz yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini va oʻzaro ishonch muhitini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Davlat chegarasida nazorat-oʻtkazish punktlari ishini keng koʻlamda tiklash boʻyicha kelishuvlar alohida eʼtiborga loyiqdir. Bu orqali ikki mamlakat xalqlari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish va mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlashga erishiladi.

Bundan tashqari, turizm, taʼlim, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika va favqulodda vaziyatlar kabi sohalarda konstruktiv hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq qadamlar belgilab olindi.

Joriy yil 26-martda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev Qirgʻiziston Bosh vaziri U.Maripovni qabul qildi. Muloqot chogʻida oʻzaro savdo aylanmasi hajmini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, sanoat, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi sohalaridagi hamkorlik, Taraqqiyot jamgʻarmasini jadal tashkil etish, shuningdek, hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirishda muhim hamkorlik loyihalarini ilgari surish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Ushbu jarayonlar Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan uzoq muddatli doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirishga sodiqligini yana bir bor yaqqol namoyon etadi.