Farg'ona tumani, “Yangiyo'l” mahalla fuqarolar yig'inida umrguzaronlik qilayotgan Zaribjon Mirzayev bir necha yildirki xasta. Turmush o'rtog'i ishsiz, yollanma mehnat bilan shug'ullandi, topgani ro'zg'ordan ortmaydi. Ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari bor. Dori-darmon,  shifoxonada yotib davolanish uchun har doim ham imkon topa olishayotgani yo'q.

Fuqaro “Youtube” videotarmog'iga sog'lig'ini tiklash uchun moddiy yordam so'rab murojaat qoldirgan edi. Uning murojaati e'tibordan chetda qolmadi. “Mahalla” xayriya jamoat fondi Farg'ona viloyat bo'limi boshqaruvi  fuqaro xonadonida bo'lib uning hayot tarzi bilan yaqindan tanishdi Zaribjonga davolanish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida (2 million 700 ming so'm) mablag'ni bank plastik kartasiga moddiy yordam sifatida o'tkazib berdi. Bundan tashqari, oilaviy sharoitini yanada yaxshilash maqsadida oila a'zolariga issiq ust-bosh, oziq-ovqat mahsulotlari  yetkazib berildi.

— Shu kunga qadar 600 nafardan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga  232 million so'mdan ortiq moddiy yordam ko'rsatildi, — deydi “Mahalla” xayriya jamaot fondi viloyat boshqaruvi raisi Bahodirjon Yulbarsov. — Shuningdek, “Saxovat va ko'mak” jamg'armasi mablag'lari hisobdan,  Xalq deputatlari Kengashi qarorlari asosida 66 ming 805 nafar oilalarga 32,4 milliard so'mlik yordamlar ko'rsatilishi ta'minlandi.

                                              Rasuljon Kamolov,

                                             “Yangi O'zbekiston” muxbiri