Ilm-maʼrifatli, kamtar insonlar hayotimiz koʻrki, ular ezgu fazilatlari bilan boshqalarga ibrat boʻlib kelganlar. Shunday kishilar boʻladiki, ularni bilganlar faqat mehr, hurmat, ehtirom va minnatdorchilik tuygʻulari bilan esga oladilar.

Oʻzining umrini ilm-fan va yoshlarning taʼlim-tarbiyasiga bagʻishlagan jonkuyar ustoz, mohir pedagog va kamtarin Roʻzi Hayitovich Xayitov ana shunday maʼrifatli insonlardan biri edi .

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida ilm-fan, taʼlim-tarbiya fidoyisi, mohir pedagog va tashkilotchi rahbar, aziz ustozimiz, veterinariya fanlari doktori, professor Hayitov Roʻzi Hayitovich xotirasiga bagʻishlangan “Veterinariya fiziologiyasi, biokimyosi va patologik fiziologiyasining dolzarb muammolari va rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI boʻlib oʻtdi.

 

Tadbirni universitet rektori, biologiya fanlari doktori, professor Х.Б.Юнусов ochib berdi.

Anjuman ishini universitet Oʻquv — uslubiy boshqarma boshligʻi Rahmatulla Roʻziqulov olib bordi.

1926-yilning 18-dekabrida Navoiy viloyati Karmana tumanining Jaloyir qishlogʻidagi dehqon xonadonida oʻgʻil farzand tugʻildi. Taqdir taqozosi bilan Roʻzi Xayitovich 6 yoshidan bolalar uyida tarbiyalandi. Tabiatan tirishqoq, abjir, hozirjavob oʻsmir barcha fanlarni qunt va tashnalik bilan oʻrganib, oʻqituvlarining nazariga tushdi.

Dastlab Samarqand shahridagi Zooveterinariya texnikumida, soʻng Samarqand qishloq xoʻjalik institutida tahsil olgan iqtidorli olimning keyingi hayot yoʻllari shu institut bilan chambarchas bogʻlandi. U oʻzining hayot yoʻlini, oʻzligini shu dargohdan topdi. U 16-yil davomida institut rektori boʻldi va oʻz faoliyati bilan taʼlim maskani tarixida oʻchmas iz qoldirdi.

Respublika ilmiy – amaliy anjumanida professor Roʻzi Xaitovichning shogirdlari, safdoshlari, uni yaxshi tanigan kishilar ishtirok etishdi.

Jumladan, u kishining ustozi Joʻra Kamolovich Saidovning farzandi, kimyo fanlari doktori Bahodir Joʻrayevich Saidov, u kishi uchun qadrdon boʻlgan insonlardan biri, Samarqand Xalqaro texnologiyalar universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Abdullayev Yusuf Negmatovich, “Oʻsimlikshunoslik va yem-xashak yetishtirish” kafedrasi professori, қ.х.ф.д. Razzoq Oripovich Oripov, Roʻzi Xaitovichning shogirdlari, “Chorvachilik va parrandachilik ilmiy tadqiqot instituti”ning boʻlim boshligʻi Orif Sharipov, Ustozning shogirdlaridan biri, “Hayvonlar fiziologiyasi, biokimyosi va patologik fiziologiya” kafedrasi mudiri, dotsent Doʻsmurod Eshimov, xorijlik shogirdlari safdoshlari Vitebsk (Belorus) davlat veterinariya meditsinasi Akademiyasi fakultet dekani Solovyov Aleksandr, shuningdek, “Ichki yuqumsiz kasalliklar” kafedrasi professori, в.ф.д. Qurbon Norboyevich Norboyevlar soʻzga chiqishdi va professorning hayot yoʻli, ilmiy izlanishlari haqida fikr – mulohazalar yuritildi.

Anjuman davomida Samarqand Xalqaro texnologiyalar universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Abdullayev SamDVMCHBU rektoriga Samarqand haqidagi kitobni sovgʻa qildi.

Shundan soʻng, Veterinariya fiziologiyasi, biokimyosi va patologik fiziologiyasi sohasida ayni kunda amalga oshirilayotgan ishlar, dolzarb muammolari va rivojlantirish istiqbollari muhokama markazida boʻldi.

Axborot xizmati