Oʻzbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Oʻzbekistondagi YUNISEF vakolatxonasi hamkorligida bolalarning sanʼat va madaniyatga boʻlgan qiziqishini yanada oshirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash maqsadida respublikamizdagi maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari oʻrtasida “Yaxshilik va tinchlik diyori” mavzusida bolalar rasmlari koʻrgazmasi tashkil etildi.
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida oʻtkazilgan koʻzgazmada bolalar yurt tinchligi, Vatan ravnaqi va xalq farovonligi haqidagi tushunchalari va tasavvurlarini rasmlar orqali ifodalashga harakat qilganlar.
Tadbirda Oʻzbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov, Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi oʻrinbosari Farhod Toshmuhamedov, Maktabgacha taʼlim vazirligi qoshidagi jamoat kengashi raisi, SHHT eksperti Eʼtibor Sultonovalar soʻzga chiqdi.
Tadbir doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti talabalari tomonidan sheʼriy chiqishlar va qiziqarli dasturlar namoyish etildi.
Koʻrgazma 2022-yilda Shanxay hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan sammiti oldidan ham ekspozitsiya qilinadi.
Mazkur tadbir tasviriy va amaliy sanʼat sohasi ijodiy yoʻnalishida maktabgacha taʼlim muassasalaridan keyingi taʼlimni tashkil etish va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Koʻrgazma 30-sentyabrga qadar davom etadi.
Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining
Xalq diplomatiyasi markazi Axborot xizmati