Britaniyadagi “Dorling Kindersley” xalqaro nashriyoti sayyohlar uchun moʻljallangan “Yaxshisi bu yoqqa keling” sayyohlik qoʻllanmasini chop etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Ushbu qoʻllanmada Oʻzbekiston sayyohlik brendining Buyuk Britaniyadagi elchisi Sofi Ibbotsonning mashhur Registon maydonida joylashgan va YUNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatidan joy olgan Samarqandning uchta ramziy diniy va meʼmoriy yodgorliklaridan biri - Tilla Kori madrasasi haqidagi maqolasi ham oʻrin olgan.

Muallif Tilla Kori madrasasini Vatikandagi Avliyo Pyotr soboriga muqobil boʻlgan tarixiy yodgorlik sifatida taʼriflagan. Shu bilan birga, u “agar gap mutlaq hashamat haqida ketar ekan, koʻzni qamashtiradigan bu madrasa sobordan ustunlikka egadir”, deb yozadi.

Maqolada 17 asrning oʻrtalarida harbiy qoʻmondon Alchin Yalangtush Bahodir tomonidan bunyod etilgan Tilla Kori madrasasining tarixi va oʻziga xosligi haqidagi batafsil maʼlumotlar oʻquvchilarning eʼtiboriga havola qilingan. Ushbu betakror meʼmoriy obida nega bunday nomlanishi, u nega barcha sayohatchilar eʼtiborini tortishi, uning noyob dizayni va boshqa barcha muhim tarixiy maʼlumotlar ushbu maqolada oʻz ifodasini topgan.