Nashr markazni nafaqat muhtasham me’moriy inshoot, balki o‘tmish, bugun va kelajakni bog‘lovchi ulkan madaniy-ma’rifiy makon sifatida tavsiflaydi. Materialda mazkur loyiha mamlakatning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan tarixiy hissasini zamonaviy texnologiyalar va noyob ekspozitsiyalar orqali namoyon etishi, shuningdek, milliy merosni asrab-avaylash va uni jahon jamoatchiligiga yetkazish yo‘lidagi strategik qadam ekani alohida ta’kidlangan.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda tarixiy, ilmiy, madaniy va texnologik rivojlanishga qaratilgan islohotlar, tashabbuslar, investitsiyalar va keng ko‘lamli ishlar jadal hamda tahsinga sazovor tarzda davom etmoqda. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev hamda mamlakatning yuqori darajadagi davlat arboblarining ilmiy va madaniy salohiyati, milliy va ma’naviy ongi, kelajakka qaratilgan keng qamrovli va strategik qarashlari ko‘plab yirik loyihalarda o‘z ifodasini topmoqda.
Toshkent shahrida mart oyi oxirida ochilishi rejalashtirilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi dunyoda o‘xshashi yo‘q, mukammal g‘oya asosida yaratilgan loyiha bo‘lib, u bir so‘z bilan aytganda muhtasham inshoot va betakror asar sifatida baholanmoqda.
O‘zbekistonda bir tomondan tarixiy obidalarni qayta tiklash ishlari amalga oshirilayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan qadimiy me’moriy an’analarga uyg‘un tarzda yangi va salobatli binolar barpo etilmoqda. Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi, Toshkentda qadimiy me’morchilik uslubida, keng hududni egallagan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi. U ko‘p qirrali, mazmundor va yuksak saviyadagi markaz sifatida o‘tmishdan bugungi kunga va kelajakka bog‘lovchi muhim madaniy-ma’rifiy makon sifatida loyihalashtirilgan. Markazning mazmuni, ichki va tashqi me’moriy yechimlari, ekspozitsiyasi va badiiy bezaklari insonni hayratga soladigan darajada puxta rejalashtirilgan bo‘lib, u noyob majmua sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Ushbu markazning tamal toshi 2018-yil Ramazon hayiti kunlarida qo‘yilgan. Ramazon hayiti kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida, Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishini boshlash chuqur ma’no kasb etishini ta’kidlagan edi. Ma’lum qilinishicha, markazning rasmiy ochilishi 2026-yil Ramazon oyida, hayit arafasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan va Ramazon hayiti kunlarida u tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘ladi.
“Yangi O‘zbekistonning yuksalayotgan ufqi va Uchinchi Renessans davri” deb ta’riflanayotgan bu davrning noyob va betakror asari hisoblangan mazkur markazda qadimiy sivilizatsiyalar va Islom sivilizatsiyasi tarixi nafis badiiy yechimlar hamda zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashgan holda taqdim etilgan. Markazning turli bo‘limlari ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalarda ham namoyish etilmoqda. U ko‘rgazma zallari, ilmiy-tadqiqot markazlari, boy kutubxona va qo‘lyozmalar fondiga ega bo‘lgan yaxlit madaniy-ilmiy majmua hisoblanadi.
Markaz “madaniy merosni asrash, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy madaniy-ma’rifiy markazlarni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam” sifatida baholanmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu loyiha haqida shunday degan edi:
“Bu markazni barpo etishdan maqsad — islom ma’rifati mohiyatini chuqur o‘rganish, ajdodlarimiz qoldirgan ulkan merosni ham xalqimizga, ham jahon jamoatchiligiga yetkazishdir.”
Ma’lumotlarga ko‘ra, markaz 161 metr uzunlikda, 118 metr kenglikda bo‘lib, uch qavatdan iborat qilib qurilgan. Uning me’moriy yechimida qadimiy me’moriy an’analar va milliy naqshlar uyg‘unligi aks etgan. Binoning to‘rt tomonida balandligi 34 metrga yetadigan portallar joylashgan bo‘lib, markaz qismida 65 metr balandlikdagi muhtasham gumbaz qad rostlagan.
Majmuaning eng markaziy qismida Qur’oni karim zali joylashgan. Bu yerda musulmon olamining eng qimmatli ma’naviy meroslaridan biri bo‘lgan qadimiy Usmon mushafi saqlanadi. Shuningdek, bu yerda somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar va temuriylar davrlariga oid muqaddas kitob nusxalari, chig‘atoy tiliga qilingan tarjimalar hamda nodir Qur’on qo‘lyozmalari namoyish etiladi.
Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy, me’moriy va madaniy konsepsiyasini ishlab chiqishda 40 dan ortiq mamlakatdan 1500 nafardan ziyod mutaxassis ishtirok etgan.
Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda kuzatilayotgan ilmiy va madaniy yuksalishni, jamiyat tafakkurining yangilanishini hamda ma’naviy taraqqiyotni eng mukammal tarzda namoyon etmoqda. Shu bois Toshkentga tashrif buyurgan har bir insonga ushbu muhtasham va noyob markazni albatta ko‘rish tavsiya etiladi.