Yer osti metro bekatlaridagi yopiq vestibyullarida qurilish ishlari qachon boshlanishi maʼlum boʻldi

    “Toshkent metropoliteni” DUK tomonidan yer osti metro bektlaridagi yopiq vestibyullar faoliyatini yoʻlga qoʻysh uchun qurulish ishlari yaqin bir oyda boshlanadi.

    Bu haqda «Toshkent metropoliteni» DUK axborot xizmati maʼlum qildi.

    Bundan 30-40-yil ilgari barpo etilgan Toshkent metropolitenining yer osti Milliy bogʻ, Mashinasozlar, Oʻzbekiston, Gʻafur Gʻulom va Yunus Rajabiy bekatlarining ikkinchi vestibyullarida qurilish ishlari oxiriga yetkazilmagan holatda foydalanishga topshirilgan edi.

    Maʼlumki, metro tizimiga boʻlgan talab kun sayin ortib borayotganligi va shu boisdan ham yoʻlovchilarga qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida, oʻtgan yili Toshkent metropoliteni qoshida ochilgan «Toshmetrotrans» MCHJ loyiha instituti tomonidan barcha yopiq vestibyullarni ishga tushirish boʻyicha loyihalar ishlab chiqilib, davlat ekspertizasiga topshirildi.

    Maʼlumotda aytilishicha, hozirgi kunga kelib, loyihalar boʻyicha tegishli xulosalar olingan boʻlib, qurilishni amalga oshiruvchi tashkilot aniqlanishi uchun bu loyiha tenderga joylashtirilgan. Jarayon bosqichma-bosqich shaklda amalga oshishini inobatga olgan holda, qurilish ishlari yaqin bir oy muddatda boshlanadi. Qurilishning tugash muddati xususida esa, qurilish jarayonlarining texnik holatiga koʻra qoʻshimcha maʼlumot taqdim etiladi.

    Shuni alohida taʼkidlash kerakki, «Xalqlar doʻstligi» bekatida mavjud eskalatorni yangisiga almashtirish maqsadida yopilgan ikkinchi vestibyulda hozirda texnik ishlar olib borilmoqda. Ushbu vestibyul faoliyati bir oy muddatda qayta yoʻlga qoʻyiladi.