“Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi Qonunga (O‘RQ-155) muvofiq yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha haydovchilar tomonidan ichki ishlar organi xodimlari ishtirokisiz yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnomani (xalq tilida “Yevroprotokol”) tuzish orqali sug‘urta tovonini olish tartibi joriy etilgan.
YTH to‘g‘risidagi xabarnoma haydovchilardan biri o‘z aybiga iqror bo‘lsa, to‘qnashuvda piyoda ishtirok etmasa, haydovchilar mast bo‘lmasa, ularning javobgarligi sug‘urtalangan hamda mashinani boshqarish hujjatlari yonida bo‘lsa darhol joyning o‘zida 2 nusxada tuziladi (xabarnoma blankasini ushbu havola orqali olishingiz mumkin).
Transport vositasi egasi javobgarligini majburiy sug‘urta qilgan sug‘urtalovchilarga “Yevroprotokol” bilan birgalikda to‘qnashuv joyi va mashinalar holatining foto va videolari, sug‘urta hodisasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal etish to‘g‘risidagi arizalar, mastlik holatini (4 soat ichida) aniqlash bo‘yicha tibbiy tekshiruv natijalari hamda mashinani boshqarish hujjatlari nusxalari 3 ish kuni ichida yuboriladi.
Sug‘urta tashkiloti YTH to‘g‘risidagi xabarnoma va unda tegishli materiallar taqdim etilgach, 15 kun ichida sug‘urta tovonini to‘lash (yoki rad etish) to‘g‘risida qaror qabul qiladi.