Ushbu holat Kadastr agentligining odob-axloq komissiyasi tomonidan atroflicha oʻrganib chiqildi, deb xabar beradi Kadastr agentligi axborot xizmati.

Maʼlum qilinishicha, holat shu yilning 3-may kuni Kadastr agentligi Fargʻona viloyati boshqarmasi hamda boʻlim boshliqlari ishtirokida hududda yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash, bartaraf etish boʻyicha belgilangan vazifalarni ijrosini bajarilishi hamda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yuborilgan murojaatlarni oʻz vaqtida sifatli koʻrib chiqish boʻyicha oʻtkazilgan tahliliy, tanqidiy yigʻilish jarayonida sodir boʻlgan.

Boshqarma boshligʻi yigʻilish davomida xodimlar tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni tahlil qilish vaqtida asablarini jilovlay olmagan.

Agentlik tomonidan boshqarma boshligʻiga nojoʻya soʻzlarni ishlatgani uchun “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qoʻllanildi hamda tushuntirish ishlari olib borildi.

“Kadastr agentligi bu kabi holatlarni oʻz holiga tashlab qoʻymaydi. Xodimlarning ishchanlik kayfiyatiga hamda mehnat samaradorligiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan holatlar jiddiy nazoratga olinadi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda jazo choralari qoʻllaniladi”, deyiladi xabarda.