Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkazilgan oʻrganishlar yakuni boʻyicha kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 12-fevral kuni Ichki ishlar vazirligi Hayʼatining kengaytirilgan majlisida bergan topshiriqlarining ijrosini taʼminlash masalalari yuzasidan Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan joriy yilning 1-7-aprel kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasida jinoyatchilikka qarshi kurashni “mahallabay” tashkil etish, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida barcha tuman, shaharlarda amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha oʻrganishlar olib borildi.
Xususan, oʻrganishlar jarayonida shahar va tumanlarga chiqilib, hududlardagi kriminogen vaziyat, aholining turmush darajasi, sektor rahbarlariga biriktirilgan maktablarda amalga oshirilayotgan ishlar va ularning joriy holatlari bilan tanishildi hamda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida sektor rahbarlarining faoliyati koʻrib chiqildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida oʻrganishlar yakuniga bagʻishlangan kengaytirilgan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda 2020-yil davomida va joriy yilning oʻtgan davrida, Qoraqalpogʻiston Respublikasida jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash borasidagi hamkorlikda amalga oshirilgan chora-tadbirlar samaradorligi muhokama etildi. Aholi tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash va fuqarolarning mol-mulklarini ishonchli muhofazalash, yoshlar ishtirokidagi huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.
Xususan, Qoraqalpogʻistonda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida quyidagi ishlar amalga oshirilgan. Kriminogen ogʻir 54 ta mahallalarga Milliy gvardiya xodimlari biriktirilib, profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikdagi xizmati yoʻlga qoʻyilgan, jamoat joylari va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlariga oʻrnatilgan 266 ta videokamera “Situatsion markaz”ga ulangan.
Shuningdek, yigʻilishda Qoraqalpogʻistonda ogʻir kriminogen vaziyat va unga taʼsir qiluvchi omillar koʻlami tahlil qilindi. Taʼkidlab oʻtilganidek, 2020-yilda qayd etilgan jinoyatlarning 41,5 foizini oldi olinishi lozim boʻlgan jinoyatlar tashkil etib, aksariyati Nukus shahri, Toʻrtkoʻl, Xoʻjayli va Beruniy tumanlari hissasiga toʻgʻri kelgan. 2021-yilning 3 oyida esa hududda qayd etilgan jinoyatlarning 33,8 foiz oldi olinishi mumkin boʻlgan jinoyatlar tashkil etgan.
Yigʻilishda oʻtgan davr mobaynida jinoyatchilikning oshishiga yoʻl qoʻygan shahar va tumanlarning toʻrtta sektor rahbarlarining hisobotlari tinglanib, kamchiliklarni tuzatish yuzasidan tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi. Shu bilan birga, oʻrganishlar yakuni boʻyicha jinoyat yoki huquqbuzarliklar keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan maishiy nizolar va omillarni aniqlab, bartaraf etish, shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida yetarli chora-tadbirlar belgilanmaganligi yuzasidan Nukus shahar, Qanlikoʻl, Kegeyli, Chimboy, Qoʻngʻirot, Taxiatosh, Beruniy, Qoraoʻzak va Boʻzatov tumani huquq-tartibot idoralarining faoliyatiga jiddiy eʼtirozlar bildirildi.
Oʻz xizmat hududida jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish va jamoat xavfsizligini taʼminlashda yoʻl qoʻygan jiddiy kamchiliklar uchun 7 nafar ichki ishlar organlari xodimlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi va 5 nafari intizomiy jazoga tortildi.
Shuningdek, ijtimoiy-maishiy himoyani taʼminlash borasida doimiy yashash joyidan olisda xizmat qilayotgan 14 nafar profilaktika inspektorlari rotatsiya qilindi.
Xizmat faoliyatida ijobiy natijalarga erishgan, oʻz xizmat vazifalarini namunali bajarib, atrofidagi xodimlarga namuna boʻlib kelayotgan Qoʻngʻirot tumani IIB xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori, kapitan Juldыz Uteniyazovaga “mayor”, Kegeyli tumani IIB profilaktika inspektori, katta leytenant Nurlan Kulekeshov va Qonlikoʻl tumani IIB profilaktika inspektori, katta leytenant R. Pirimbetovlarga “kapitan” maxsus unvonlari ragʻbatlantirish tariqasida muddatidan oldin berildi. Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan 12 nafar ichki ishlar organlari xodimlari vazirlik tomonidan ragʻbatlantirildi.
Yigʻilish yakunida kelgusida Qoraqalpogʻistondagi kriminogen vaziyatni ijobiy tomonga oʻzgartirish, mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash va jamoat xavfsizligini taʼminlashni sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish borasida yoʻl xaritasi belgilab olindi.