Keyinroq bepul uy va oziq-ovqat bilan taʼminlagani uchun chiqindilarni qayta ishlash zavodida ishladik. U yerdagi yoqimsiz hidga chidab ishlash, yashash oson emasdi. Ammo tezroq pul toʻplab, uyga qaytish ilinjida hammasiga chidadik.

Zavodda mehnat qilish barobarida ish oʻrgandim. Zavod rahbari ayol kishi edi. Unga havas qilib, men ham yurtimizga qaytgach, shunday korxona ochishni niyat qilganman. 2010-yillarda Oʻzbekistonda chiqindilarni qayta ishlash amaliyoti deyarli yoʻq edi. Niya­tim xolis ekan: havas, harakat, mehnat ortidan oʻylaganlarimga erishdim. 2015-yilda yurtimizga qaytib, ana shu ishga kirishib ketdim. Dastlab 20 eshak arava bilan ish boshladim. Yon-atrofdagi ishsiz xotin-qizlarni jalb qilib, avvaliga koʻchalardan chiqindilarni yigʻib, saralab, zavodlarga topshirdim. Bundan yaxshigina foyda qolayotganini koʻrgach, ishimni kengaytirdim. 2016-yilda chiqindilarni qayta ishlaydigan “Anvarjon Biznes Invest” MCHJ korxonasi faoliyatini yoʻlga qoʻydim.

Shu ishni boshlaganimga ham oʻn yil boʻlibdi. Oʻtgan yillarda faqat mehnat qildim, sabr bilan ishladim. Tadbirkorligim ayni yangi Oʻzbekiston islohotlari boshlangan davrga toʻgʻri kelgani ham menga katta yordam berdi. Yurtimizda tadbirkorlarga berilgan imtiyozlardan toʻgʻri foydalandim. Hozirgacha har bir farmon va qarorda koʻrsatiladigan imtiyozlarni oʻrganib, ularni qoʻllashga intilaman. Boisi, bular biz uchun, ishbilarmonlarning yanada rivojlanishi uchun berilayotgan ekan, unumli foydalanishimiz kerak.

Qisqa muddatda orzumdagi zavodni qurishga ham erishdim. Buning uchun davlatimiz tomonidan 4 gektar yer nol balansda berildi. Hozir ana shu yerda chiqindini qayta ishlab, kuniga 30-35 tonna granula shaklidagi tayyor mahsulot chiqaramiz. Korxonalarimizda soʻnggi 5 yilda 178 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi. Asosiy xaridorlarimiz plastmassa mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonalardir.

Zavodga Xitoydan olib kelingan eng soʻnggi rusumdagi texnologiyalar oʻrnatilgan. Hozir 93 ta texnikamiz bor, zavodimiz Samarqanddagi gigant korxonalardan. Ayni paytda 426 ishchi-xodim doimiy mehnat qiladi. Nafaqat oʻzim va oilam, balki ana shu xodimlarning har biri yaxshi sharoitda, tinch va xursand yashashi uchun doim harakatdaman. Qolaversa, chiqindilarni qayta ishlash orqali viloyatimiz ekologiyasi yaxshilanishi, hududda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi koʻrsatkichi ortishi, odamlar bandligini taʼminlashga hissa qoʻshayotganimdan quvonaman.

Shunday qilib oddiy, kambagʻal ayoldan katta tadbirkorga aylandim. Inson sabr bilan mehnat qilsa, istaganiga erishar ekan. Buni oʻzim misolimda ishonch bilan ayta olaman. Hech kim menga ishonmaganda ham shu kunlar kelishi, hammasi yaxshi boʻlishi, men ham boshqalar kabi toʻkis hayot kechirib, yaxshi sharoitlarda yashashimga ishonganman. Bugun shularning barchasi uchun shukr qilaman.

2025-yil hayotimda eng unutilmas, omadli, muvaffaqiyatlarga boy yil boʻldi. “Tabiat qoʻriqchisi”, “Tadbirkor ayol — qahramon ayol” kabi bir qancha mukofotlar bilan taqdirlandim. Avgustda Qirgʻizis­tonda “Ayol — lider, dunyoni yaxshilik sari oʻzgartiruvchi kuch” shiori ostida oʻtkazilgan nufuzli xalqaro forumda qatnashib, 200 ga yaqin ayol rahbar qatorida nutq soʻzladim. Shuningdek, bu yil yana bir or­zum ushaldi — 42 yoshimda oliy maʼlumotli boʻldim, bakalavr diplomini oldim. Yil oxiriga kelib esa xitoylik hamkorlar bilan yirik investitsiya bitimini imzolashga erishdim.

Eng unutilmas va kutilmagan voqea dekabrning soʻnggi kunlarida roʻy berdi. “Yil ayoli — 2025” milliy tanlovining Gran-pri mukofotiga munosib koʻrildim va menga Prezidentimiz sovgʻasi — “Onix” avtomobili topshirildi. Ekranda faoliya­tim haqidagi lavha qoʻyilganida qattiq hayajondan yigʻlab yubordim. Ochigʻi, uncha-buncha vaziyatda yigʻlamayman, barcha qiyinchiliklarga bardosh bergan ayolman. Lekin oʻsha kuni yigʻladim. Bu quvonch koʻzyoshlari edi. Oʻsha lahzada koʻrgan barcha qiyinchiliklarim unut boʻldi. Yaratgan mehnatlarimning mukofotini shu kunlarga tayyorlab qoʻygan ekan deb oʻyladim.

Avtomobilni salkam 80 yoshni qoralagan onajonimga sovgʻa qildim. U bizni — besh farzandni teng koʻrib, katta qildi. Yutuqlarimdan juda quvondi. “Bu mashina — seniki. Oʻzing haydab yur, men sen bilan faxrlanaman”, dedi. Hozir ­Prezidentimiz sovgʻasini oʻzim haydayapman. Davlatimiz rahbari biz tadbirkorlarga yaratib berayotgan sharoit, imkoniyat va imtiyozlarning bahosi yoʻq. Ulardan samarali foydalanib, shu darajaga erish­yapmiz. Yaxshi yashash uchun harakat qil­yapmiz. Mehnatimiz esa eʼtirof etilib, bizga katta ishonch bildirilyapti.

Bir hududda bitta boʻlsa ham tadbirkorning borligi oʻsha joydagi qanchadan-qancha oilalarning daromadli boʻlishiga xizmat qilishi rost ekan. Men ham mana shu ishga oilamni jalb etganimdan afsuslanmayman. Hozir besh farzand — hammamiz shu yoʻnalishda tadbirkorlik qilamiz. Eng kichik singlimning qoʻlida ham 50 odam ishlayapti. Hammamizning yashashimiz yaxshi, sharoitimiz yetarli.

Toʻgʻri, bu kunlarga yetib kelish oson boʻlmadi, ammo hozir harakat qilgan odam uchun barcha imkoniyat bor. Yana bir hayotiy haqiqatni anglab yetganman: ayol har qancha ishbilarmon boʻlmasin, asosiy eʼtiborini, avvalo, oilaga qaratishi kerak. Oilani joy-joyiga qoʻysa, yaqinlari yonida boʻlsagina muvaffaqiyatga erishadi. Qolaversa, sabr va shukrda, maqsadlarga erishishga ishonchda gap katta, hayotim bunga misol.

Shunday sharoitlar yaratib berilganida, inson yanada koʻproq ishlash, rivojlanish, faoliyatini kengaytirishga intilar ekan. Yakunlanayotgan yilda “Hamroh” loyihasi tomonidan yangi quvvatni ishga tushirib, koʻproq boʻsh ish oʻrni ochish taklifi berildi. Bajonidil rozi boʻldim va loyiha koʻmagida Qoraqalpogʻistonning Chimboy tumanida chiqindilarni qayta ishlash zavodi qurilishi boshlandi. Zavod uchun yer tuman hokimligi tomonidan imtiyozli shartlar asosida ajratildi. Loyiha ishga tushishi natijasida 100 ta ish oʻrni ochiladi. Bu yana shuncha odamning bandligi taʼminlanib, oʻnlab oilaning doimiy daromad manbai boʻladi deganidir.

Gulmira JUMAYEVA,

Kattaqoʻrgʻon shahridagi “Anvarjon Biznes Invest”

MCHJ rahbari,

“Yil ayoli — 2025” milliy tanlovi Gran-pri gʻolibi