“Yil ayoli” milliy tanlovining Toshkent viloyati bosqichi gʻoliblari aniqlandi

    Mamlakatimizda 20 Noyabr 2021 1900

    Avval xabar berganimizdek, Olmaliq shahridagi “Metallurg” madaniyat saroyida “Yil ayoli” milliy tanlovining Toshkent viloyati bosqichi oʻtkazildi.

    Mazkur tanlovdan maqsad jamiyatimiz rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan, yuksak maʼnaviyatli, oilada va farzand tarbiyasida ibrat, oʻzlari faoliyat koʻrsatayotgan tashkilotlar nufuzini oshirishda faol ishtirok etayotgan turli soha egalari boʻlgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ilgʻor tajribalarini ommalashtirishdan iborat.

    Tanlovning viloyat bosqichida 22 nafar ishtirokchi bir qator shartlar boʻyicha 5 balli tizimda baholandi. Yakunda umumiy natijalar boʻyicha Piskent tumanidan Aziza Ikromova birinchi oʻrinni egalladi. Shuningdek, Oʻrta Chirchiq tumanidan Sevara Hoshimova ikkinchi, Nurafshon shahridan Shoira Oxunjonova esa uchinchi oʻringa munosib koʻrildi. Ular mazkur tanlovning Respublika bosqichida qatnashish yoʻllanmasini qoʻlga kiritishdi.

    Bundan tashqari, “Yilning eng vatanparvar ayoli”, “Yilning eng ilgʻor tadbirkor ayoli”, “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli”, “Yilning eng kuchli maʼnaviy-maʼrifiy targʻibotchisi”, “Yilning eng jonkuyar ustozi”, “Yilning eng faol sogʻlom turmush tarzi targʻibotchisi”, “Yilning eng yangi gʻoyalar tashabbuskori” nominatsiyalari boʻyicha ham gʻoliblar aniqlandi.

    Tanlov gʻoliblariga tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi, deb xabar beradi Toshkent viloyat hokimligi matbuot xizmati.