Qayd etilishicha, bojxonachilar tilla va boshqa qimmatbaho metallardan ishlangan zargarlik buyumlarini bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib oʻtilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qoʻyishga qaratilgan tezkor reyd tadbirlari oʻtkazilib kelinmoqda.

Jumladan, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kopleksining “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona postida zargarlik buyumlarini qonunga xilof tarzda olib kirishga boʻlgan qator urinishlar fosh qilindi.

Bangkokdan uchib kelgan yoʻlovchilardan biri yuklari orasidagi shirinliklar ichiga qiymati dastlabki hisob-kitoblarga koʻra 180 mln soʻmdan oshiq boʻlgan 121 gr. ogʻirlikdagi zargarlik buyumlarini yashirgancha olib kirishga uringan vaqtida toʻxtatib qolindi.

“Toshkent-Istanbul” reysi boʻyicha parvozini yakunlangan qoʻshni davlat fuqarosi ham bagajidagi yuklari orasida qiymati 350 mln soʻmlik 370 gr. ogʻirlikdagi zargarlik buyumlarini yashirib olib kirayotganida fosh qilindi.

Bokudan kelgan yoʻlovchilar orasida ham qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan tilla taqinchoqlarni bojxona nazoratiga taqdim qilmasdan olib oʻtishga uringan shaxs borligi aniqlandi. Qoʻshni davlat fuqarosi boʻlgan mazkur yoʻlovchi qiymati salkam 130 mln soʻmlik hamda olmos toshlari bilan bezatilgan 74 gr. ogʻirlikdagi zargarlik buyumlarini noqonuniy ravishda olib kirishga uringan ekan.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom etmoqda.

Raqamlarga koʻra, respublikamiz bojxonachilari tomonidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida aniqlangan 252 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 24,3 mlrd soʻmlik salkam 40 kg. ogʻirlikdagi zargarlik buyumlarining bojxona chegaralari olib noqonuniy ravishda olib oʻtilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qoʻyilgan.

Eslatib oʻtamiz, jismoniy shaxslar 2025-yilning 20-iyulidan eʼtiboran shaxsiy ehtiyoj uchun moʻljallangan zargarlik buyumlarini notijorat maqsadlarida respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari doirasida olib kirishlari mumkin. Mazkur norma havo transportida — 1000 AQSH dollari, temir yoʻl va daryo transportida — 500 AQSH dollari hamda avtomobil (piyoda) oʻtkazish punktlari orqali — 300 AQSH dollarini tashkil qiladi.

Olib chiqishda esa jismoniy shaxslarga ogʻirligi 200 grammgacha boʻlgan kumushdan hamda 65 grammgacha boʻlgan oltin va boshqa qimmatbaho metallardan yasalgan tayyor zargarlik buyumlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirmasdan, ushbu miqdorlardan ortiq boʻlganlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi.