Energetika vazirligining maʼlum qilishicha, bundan bir oy muqaddam 2025-yil 12-aprel kuni soat 15:30 da joriy yil boshidan buyon quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgani qayd etilgan edi.
Shu yilning 12-may soat 12:00 holatiga koʻra, mamlakatimizdagi barcha quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori joriy yil boshidan 3 mlrd kVt⋅soatga yetdi.
Mazkur generatsiyaning 1 mlrd 776,3 mln kVt⋅soatlik qismi quyosh elektr stansiyalari tomonidan, 1 mlrd 223,7 mln kVt⋅soatlik qismi esa shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarildi.
Buning natijasida:
- — 900 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
- — atmosferaga 1 mln 710 ming tonnadan ortiq karbonat angidrid va 1 ming 710 tonna azot oksidlari chiqishining oldi olindi.
Shuningdek, joriy yil boshidan bugun, 12-may soat 12:00 ga qadar Oʻzbekistondagi barcha gidro elektr stansiyalari va quyosh hamda shamol elektr stansiyalari tomonidan 5 mlrd 250 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Buning natijasida:
- — 1 mlrd 575 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
- — atmosferaga 2 mln 990 ming tonna karbonat angidrid va 2 ming 990 tonna azot oksidlari chiqishining oldi olindi.
Maʼlumot uchun: mazkur hajmdagi elektr energiyasi 5 million 833 ming 333 ta xonadonning toʻrt yarim oylik yoki 2 million 187 ming 500 ta xonadonning bir yillik meʼyoriy bazasini tashkil qiladi.