Mamlakatimizda shakllangan shoshilinch tibbiy yordam xizmatining inson hayoti va salomatligini asrashdagi oʻrni nihoyatda muhim. Shu sababli yurtimizda ushbu sohani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Aytish lozimki, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13 ta filiallari tomonidan 2023-yilning oʻtgan 5 oyi davomida 153 ming nafar bemorga ambulator, 48 ming nafar bemorga esa statsionar sharoitda shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatildi.

Bundan tashqari, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida mazkur muassasada transplantologiya, miya va yurak-qon tomir patologiyalari korpusi toʻliq ishga tushirildi. Natijada hozirgacha bu yerda jami 800 nafar bemor ambulator tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, 45 nafarida yuqori texnologik operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarildi.

Shu bilan birga, markaz va uning hududiy filiallariga jami 87 nafar xorijiy davlat fuqarolari davolanish uchun murojaat qilgan. Muassasaning 412 nafar mutaxassisi oʻz ish joyida, 82 nafari markazlarda hamda 30 nafari xorijda qayta tayyorlandi.

Qolaversa, joriy yilning oʻtgan davrida markaz amaliyotiga 14 turdagi, viloyat darajasida 5 turdagi yangi jarrohlik va diagnostika usullari tatbiq qilindi.

Misol uchun, markazning Buxoro viloyat filialida yurak nuqsonlarini bartaraf etish va oʻtkir miokard infarktida aorta-koronar shuntlash operatsiyasi yoʻlga qoʻyildi. Natijada oʻtkir miokard infarktidan oʻlim koʻrsatkichi 10 foizga kamayishiga erishildi.

Shuningdek, ayni paytda Toshkent shahrida xorijlik mutaxassislar ishtirokida koʻkrak aortasi anevrizmasida intervension aortaga stent-graft oʻrnatish amaliyoti bajarib kelinmoqda. Etiborlisi, bugungacha 4 nafar bemorda ana shunday operatsiya muvaffaqiyatli oʻtkazildi.