Taʼkidlash joizki, 163 ta normativ-huquqiy hujjat hamda 121 ta chora-tadbirlar dasturi va boshqa hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish nazarda tutilgan Davlat dasturi ijrosini taʼminlash va doimiy monitoring qilib borish yuzasidan Hukumatda yaxlit tizim yaratilgan.
Koʻrilgan choralar natijasida hisobot davrida xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobidan 8,7 mlrd. AQSH dollari miqdorida mablagʻlar oʻzlashtirilgan.
Ijtimoiy va infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash uchun 2 trln. 824 mlrd. soʻm, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun 1 trln. 211 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan.
Joriy yilning Sh choragida byudjetga qariyb 36,3 trln. soʻmlik daromadlar tushgan.
Shu kungacha Davlat dasturi doirasida jami 111 ta hujjat qabul qilingan. Xususan, 2 ta Qonun, Oliy Majlis palatalarining 5 ta qarori, Prezidentning 18 ta Farmoni va 20 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori va farmoyishi hamda 45 ta chora-tadbirlar dasturi qabul qilingan va oʻrnatilgan tartibda ijrosi nazoratga olingan.
Majlisda senatorlar tomonidan Davlat dasturida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash, ayniqsa, ijro muddati yil davomida belgilangan bandlar ijrosiga alohida eʼtibor qaratish, Dasturda belgilangan hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishni jadallashtirish lozimligi taʼkidlandi. Bunda har bir masʼul ushbu Dastur, avvalo, odamlarni rozi qilish va mamlakatni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishga qaratilganligi nuqtayi nazaridan yondashishlari lozimligi aytib oʻtildi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.