Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi xabar berdi.
Taʼkidlaninishicha, mazkur mukofotlar respublikada mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) sifati va raqobatbardoshligini oshirish, standart talablariga rioya etgan holda eksportbop hamda import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlarini ragʻbatlantirish, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi mutaxassislarning oʻz kasbiga boʻlgan sadoqatini yanada oshirishga xizmat qilishiga koʻzda tutilmoqda.
2024-yildan boshlab har yili 14-oktyabr Butunjahon standartlar kunida quyidagilar taqdirlanadi:
- “Yil standartchisi” mukofoti bilan sanoat ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish sohalarida standartlashtirish faoliyatini samarali tashkil etgan hamda ilmiy-tadqiqot jarayonlarida eng yuqori natijalarga erishgan mutaxassislar;
- “Sifat sohasidagi mukofot” bilan sifatli mahsulot ishlab chiqarib, milliy brendni yaratgan hamda sifatli mahsulot ishlab chiqarish jarayonlarida eng yuqori natijalarga erishgan tashkilotlar.