Sessiyada Samarqand shahar hokimi Bobirmirzo Obloqulovning 2020-yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va shaharni 2021-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.
Maʼlumki, yil boshida har bir viloyat, tuman va shahar hokimi xalqqa murojaat qilib, tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha aniq rejalarini belgilab olgan edi. Ularni amalga oshirish maqsadida, bu yilgi murakkab sinovlarga qaramasdan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun yetarli resurslar ajratilib, barcha zarur sharoitlar yaratildi.
Sessiyada shahar hokimi tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor, ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Taʼkidlanganidek, 1-dekabr holatiga shaharda 15 ming 243 ta tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatmoqda.
Jumladan, joriy yilda 2 ming 56 ta yangi yuridik korxona tashkil etilib, yillik reja 90 foizga bajarildi. Yil yakunigacha yana 230 ta yangi korxonalar tashkil etishni rejalashtirilgan.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab quvvatlash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, tijorat banklari tomonidan barcha moliyalash manbalari hisobidan shahardagi 11 ming 903 ta yuridik va jismoniy shaxslarning tadbirkorlik loyihalariga 1 trillion 693 milliard soʻm kreditlar ajratildi.
L. Suvonov