— Hududlarda iqtidorli sportchi yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda Oʻzbekiston chempionatlarini tashkil etish ishlarini toʻliq raqamlashtirish zarur.
Bu, oʻz navbatida, olimpiya sport turlari boʻyicha terma jamoalarga sportchilarni jalb qilish tizimini adolatli tashkil etishga xizmat qiladi.
Sodiqov, Abduhakimov yil yakuniga qadar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Olimpiya zaxiralari sport platformasini ishga tushirsin.
Biz Olimpiya va Paralimpiya zaxiralarini tayyorlash uchun munosib sharoitlar yaratish va 2024-yilgacha sport infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha davlat dasturini amalga oshiramiz.
Sport muassasalaridagi eskirgan jihozlarning qariyb 50 foizi yangilanadi.
Hozirgi vaqtda 2025-yili Toshkentda yoshlar oʻrtasida boʻlib oʻtadigan Osiyo oʻyinlarini yuqori saviyada tashkil et ish maqsadida “Olimpiya va Paralimpiya shaharchasi”ni barpo etish ishlari jadal olib borilmoqda.
Ushbu shaharcha hududida boks, sport kurashlari, suv sporti, eshkak eshish kabi federatsiyalar uchun ham tayyorgarlik markazlari tashkil etiladi.
Ishonamanki, eng zamonaviy sharoit va texnologiyalarga ega boʻladigan mazkur inshoot Oʻzbekistonning sport sohasidagi yangi qiyofasini oʻzida mujassam etadigan yirik majmua boʻladi.