Qurilish ishlari “Enter Engineering” (Singapur) kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Zamonaviy gaz-turbina uskunalari va kompressorlar “Baker Hughes General Electric” (AQSH), “Motorsich” (Ukraina), “Akcelik” (Turkiya), “Denair Energy” (Xitoy) kompaniyalari tomonidan yetkazib berildi.

Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida joylashgan “Zevarda” konidagi siquv kompressor stansiyasining yangi qurilgan past bosimli gazlarni oʻzlashtirishga moʻljallangan 2-navbatini ishga tushirishga bagʻishlangan tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi.

Tantanali marosimni “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev ochib berdi va ushbu siquv kompressor stansiyasi qurilishida mehnat qilgan barchaga minnatdorchilik bildirdi.

– Yangi siquv kompressor stansiyasi yiliga 3,3 milliard kub metr tabiiy gaz bosimini oshirish quvvatiga ega hamda gaz tarkibidagi suyuq komponentlarni ajratib olish uchun gazni kompleks tayyorlash qurilmasiga yetkazib berishga xizmat qiladi va kunlik qoʻshimcha 1,5 million kub/metr (yillik 480,0 million kub/metr) gaz qazib olishga erishiladi, – dedi Mehriddin Abdullayev.

Ushbu siquv kompressor stansiyasining 2-navbati 2 ta agregat orqali “Zevarda” koni quduqlarining sanoat miqyosidagi past bosimli tabiiy gazlari bosimini koʻtarib, “Zevarda” siquv kompressor stansiyasiga uzatib berish va bu orqali tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirishga xizmat qiladi.

Siquv kompressor stansiyasining barqaror ishlashini taʼminlash uchun 2021-yilda “Zevarda” konida qoʻshimcha 9 ta yangi quduqni burgʻilash, uzunligi 5,2 kilometr gaz kollektorini qurish va kondan yillik 2,9 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olish rejalashtirilgan.

Ushbu obyektni barpo etish natijasida, “Zevarda” konidagi tabiiy gaz qazib chiqarish jarayonlari toʻliq avtomatlashtirilgan holda nazorat qilinishi bilan bir qatorda, ushbu kon boʻyicha kunlik tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini 1,5 million kub metrga oshirish imkoniyati yaratildi.

Maʼlumot uchun, “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan “Zevarda” koni hududida koʻp yillar davomida olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida 305 milliard kub/metr atrofida tabiiy gaz hamda 18,0 million tonnadan ortiq gaz kondensati zaxiralari mavjudligi aniqlangan.

Ushbu kon va undagi quduqlarning joriy holatida Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan 2,27 milliard kub/metr tabiiy gaz va 46,6 ming tonna gaz kondensati qazib olinadi.

Boshqarma tomonidan 2021-yilda 16,8 milliard kub/metr tabiiy gaz, 109 ming tonna neft, 310,7 ming tonna kondensat qazib olish rejalashtirilgan.

Qazib olinayotgan tabiiy gaz quvurlari orqali “Muborak” gazni qayta ishlash zavodiga hamda neft va kondensat xomashyolari “Buxoro” neftni kayta ishlash zavodiga yetkazib berilyapti.

Hozirgi kunda, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tasarrufida jami 42 ta neft va gaz kondensat konlari, 12 ta siquv kompressor stansiyalari va 14 ta gazni tayyorlash qurilmalari mavjud.

Taʼkidlash kerakki, “Zevarda” konini ishlatish jarayonida qatlam va quduq ustki bosimi keskin ravishda tushib borishi natijasida, 2007-yilda konda 1-sonli siquv kompressor stansiyasi ishga tushirildi.

2008-yilda tabiiy gaz tarkibidagi suyuq uglevodorodlarni maksimal darajada ajratish va koʻpaytirish maqsadida 5 ta monoblokli turbodetander agregatlari foydalanishga topshirilgan.

“Zevarda” koni 1968-yilda ochilgan boʻlib, dastlabki tabiiy gaz zaxirasi 305 milliard kub/metrni hamda kondensat zaxirasi 18 million tonnani tashkil etgan. Konni ishlatish davomida 136 ta quduq burgʻilanib, hozirgi kunda 82 ta quduq ishlatilmoqda, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.

Eslatib oʻtamiz, ushbu boshqarma tomonidan tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirish maqsadida, “Dengizkoʻl” konida ham yangi siquv kompressor stansiyasi barpo etilyapti.