Tadbirda taʼkidlanganidek, mamlakatimizda ekologik holatni yaxshilash, chiqindilarning fuqarolar sogʻligʻiga zararli taʼsirining oldini olish, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni yana-da takomillashtirishda ekologiya hamda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi kadrlarning oʻrni beqiyos.

Mazkur tanlovni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni taʼminlash tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning sohada qabul qilinayotgan meʼyoriy hujjatlar, keng koʻlamli oʻzgarishlar mazmun-mohiyatini yana-da teranroq anglashini taʼminlashdan iborat. Shuningdek, chiqindilarning insonlar sogʻligʻiga zararli taʼsirining oldini olish, hayot darajasi va sifatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, texnik va texnologik jarayonlar oqibatida yuzaga kelayotgan muammolarni hal etishga yangi yondashuvlarni joriy qilish xodimlarning bilim darajasini yuksaltirish hamda viloyatlarda mehnat qilayotgan kadrlar oʻrtasida oʻzaro madaniy-doʻstlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish koʻzda tutilgan.

Davlat ekologiya qoʻmitasi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, tanlov jarayonlarida xodimlarning amaliy tajribasi, ijtimoiy-siyosiy bilimi sinovdan oʻtkazildi. Xususan, ishtirokchilarning mamlakatimizdagi tub islohotlar, jumladan, atrof-muhitni muhofaza qilish tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlar mohiyati hamda unda xodimlarning oʻrni va vazifasi bilan bogʻliq masalalar boʻyicha bilim va salohiyatiga alohida eʼtibor qaratildi.

Respublika bosqichi yakunlariga gʻolib deb topilganlar diplom va sovgʻalar bilan taqdirlandi.