Shu munosabat bilan 2021 yil 29 dekabr` kuni O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida tanlov g'oliblarini taqdirlash marosimi  o'tkazildi.

Tadbirda O'zbekiston xalq shoiri, uyushma raisi Sirojiddin Sayyid, “Ilhom” jamoat fondi direktori Jamshid Rizaev tanlovning ahamiyati xususida gapirib, g'oliblarni qutlashdi.

Tanlovga 100dan ortiq ijodkorlarning turli adabiy yo'nalishlar bo'yicha 2021 yilda nashriyotlar va bosma ommaviy axborot vositalarida nashr etilgan yangi asarlari kelib tushdi. Bu adiblarimiz samarali ijod qilganini, bugungi yangi zamonamizdagi ulug'vor o'zgarishlarga munosib badiiy asarlar yaratganini va matbuotda keng kitobxonlar ommasi e'tiboriga havola etganini namoyon qiladi.

2021 yilda e'lon qilingan asarlar ichida O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, taniqli yozuvchi Xurshid Do'stmuhammadning 4 jilddan iborat nasriy kitoblari, ushbu kitobga kirgan romanlari, qissalari, hikoyalari adabiyotimizdagi ulkan voqea hisoblanadi. O'zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romani ham adabiyotimizdagi yangi voqeadir. Rustam Musurmonning rus, qoraqalpoq va boshqa qardosh tillardan qilgan tarjimalari adabiyotimizda badiiy mahorati etuk yana bir tarjimon paydo bo'ldi, deyish mumkin. Ayniqsa, rus shoirasi Bella Axmadullinaning she'rlari va “Yomg'ir haqida ertak” nomli dostoni Rustam Musurmonning tarjimasida adabiy voqeaga aylandi.

– Ustoz Abdulla Sherning “Tanlangan asarlar”ni 2021 yilda nashr etilgan eng badiiy yuksak she'riy kitob deb bilaman, – deydi O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, hakamlar hay'ati a'zosi eshqobil Shukur. – Abdulla Sher o'z ijodi bilan bizning avlod va yoshlarga ustozlik qilib kelmoqda.

Tanlov yakunlariga ko'ra, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Xurshid Do'stmuhammadning to'rt kitobdan iborat nasriy asarlari bosh mukofot loyiq ko'rildi.

Abdulla Qodiriy nomidagi “eng yaxshi nasriy asar” mukofoti bilan O'zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton “Alisher Navoiy” romani uchun;

Hamid Olimjon nomidagi “eng yaxshi she'riy asar” mukofoti bilan taniqli shoir Abdulla Sher “Tanlangan asarlar” she'rlar kitobi uchun;

Abdulhamid Cho'lpon nomidagi “eng yaxshi tarjima asari” mukofoti bilan Qoraqalpog'iston xalq shoiri Rustam Musurmonning rus, qoraqalpoq, qirg'iz tillaridan tarjima qilgan she'riy kitoblari, doston va qissalari uchun;

Mahmudxo'ja Behbudiy nomidagi “eng yaxshi dramatik asar” mukofoti bilan taniqli dramaturg Sharof Boshbekovning dramalar va kinoqissalardan iborat “Tanlangan asralar” kitobi uchun;

Abdurauf Fitrat nomidagi “eng yaxshi adabiy tanqidiy va publitsistik to'plam” mukofoti bilan adabiyotshunos olim Nurboy Jabborovning Alisher Navoiy ijodi, faoliyati haqidagi “Maoniy ahlining sohibqironi” to'plami uchun taqdirlandi.

2021 yilda faol ijod qilib, yangi asarlari bilan keng adabiy jamoatchilik e'tirofiga sazovor bo'lgan quyidagi ijodkorlar:

          Sog'inboy Ibrohimov “Brno daftari” she'rlar to'plami Berdaqning “Shajara” dostoni va qoraqalpoqlar tarixi” risolasi uchun;

Shukur Qurbon “Xaloskorlik yoki Amir Temur imoni” dostoni uchun;

Bahodir Qobul “Otachiroq” nasriy asarlar kitobi uchun;

Shamsiddin Sadoiy “Bir kun senga etarman” she'riy to'plami uchun;

Javlon Jovliev “Qo'rqma” romani uchun;

Nodirabegim Ibrohimova Herbert Uellsning “Dunyolar jangi” romani va jahon adabiyoti namunalaridan tarjimalari uchun rag'batlantiruvchi mukofot bilan taqdirlandi.

Tanlov g'oliblari va rag'batlantiruvchi mukofot sovrindorlariga “Yilning eng yaxshi asari” respublika tanlovining pul mukofotlari, statuetka va diplom tantanali ravishda topshirildi. Mehmonlarga esa O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan chop etilgan 400 dona kitob sovg'a qilindi.

Fozil FARHOD,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati rahbari