Bu esa oʻz navbatida, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi Toshkent shahar boshqarmasi zimmasiga ham juda sharafli va oʻta masʼuliyatli vazifa yukladi. Buni chuqur anglagan, his qilgan boshqarma va uning tuman boʻlimlari xodimlari alohida roʻyxatga olingan, oʻzgalar parvarishiga muhtoj, yakka-yolgʻiz hamda yolgʻiz istiqomat qiluvchi pensioner va nogironligi boʻlgan shaxslar holidan doimiy xabar olish tizimini yana-da kuchaytirishga intilmoqda. Hokimiyatlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlikda oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga uyida ijtimoiy-maishiy xizmat koʻrsatish boʻyicha ishlarni yana-da takomillashtirish borasida saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda.
— Aytish joizki, boshqarmaning 70 nafar ijtimoiy xodimi 600 nafardan ziyod alohida roʻyxatga olingan, oʻzgalar parvarishiga muhtoj, yakka-yolgʻiz hamda yolgʻiz istiqomat qiluvchi pensioner va nogironligi boʻlgan shaxslarning holidan xabar olib, ularning uyida ijtimoiy-maishiy xizmat koʻrsatmoqda, — deydi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi Toshkent shahar boshqarmasi boshligʻi Rohatoy Nabiyeva. — Nogironligi boʻlgan, yolgʻiz va yakka yolgʻiz keksalarning yonida turib, gʻamxoʻrlik koʻrsatayotgan, ularga dalda boʻlib, hayotini mazmunli qilishga, umrini uzaytirishga hissa qoʻshayotgan, faqat ezgulik yoʻlida olgʻa intilayotgan mehribon opa-singillarni har tomonlama ragʻbatlantirish, qoʻllab-quvvatlar maqsadida har ikki yilda “Yilning eng yaxshi ijtimoiy xodimi” kasbiy koʻrik-tanlovi tashkil etib kelinadi.
Darvoqe, juda koʻtarinki ruhda oʻtkazilgan tanlovning Toshkent shahar bosqichida ishtirok etgan har bir xodim tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish tizimida shijoat va fidoyilik namunalarini koʻrsatib mehnat qilayotganini namoyon etdi.
Taʼkidlanishicha, 2021-yil aprel oyida “Yilning eng yaxshi ijtimoiy xodimi” kasbiy koʻrik-tanlovining tuman bosqichlarini oʻtkazish boʻyicha chora-tadbir rejasi ishlab chiqilgan. Tadbirlarda 70 nafar ijtimoiy xodim ishtirok etgan. Koʻrik-tanlovning tuman bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 11 nafar ayol-qiz Toshkent shahar bosqichida qatnashish huquqini qoʻlga kiritgan. Ushbu ishtirokchilar koʻrik-tanlovning respublika bosqichiga yoʻllanma olish uchun doʻstona, sogʻlom raqobat asosida kurash olib bordi.
Bellashuv jarayonlari, koʻrik-tanlov shartlari va ijtimoiy xodimlarning sohaga oid bilimi, normativ hujjatlarni bilish darajasi hamda zukkoligi nufuzli hakamlar hayʼati tomonidan munosib baholab borildi. Oʻz ishida ham, oila va jamiyatda ham faol va tashabbuskor ijtimoiy xodimlarning yuksak hamda masʼuliyatli mehnatlari xususida ijobiy fikrlar bildirildi. Barcha shartlarda faol ishtirok etib, yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilar hamkor tashkilotlarning esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Umrini yakka yolgʻiz hamda yolgʻiz istiqomat qilayotgan insonlarga xizmat qilishdek olijanob ishga bagʻishlagan ijtimoiy xodimalarning saʼy-harakatlari, mehnati va matonati yuksak tahsinga, eʼtiborga, eʼtirofga, ehtiromga loyiqdir. Birinchi oʻrinni egallagan ishtirokchi esa koʻrik-tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadigan boʻldi.
Anvar QOBILOV,
jurnalist