Xususan, joriy yil 14-yanvarda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Indorama Corporation direktori Prakash Kejrival bilan uchrashdi. Muloqot chogʻida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama etildi.
Maʼlumot uchun: Korxona dunyoning 22 davlatida 39 ta ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlib, Osiyoda ip-kalava ishlab chiqarish boʻyicha 1-oʻrinni, polester, sintetik gazlamalar va kimyoviy oʻgʻitlar ishlab chiqarish boʻyicha jahonda yetakchi oʻrinni egallaydi.
Oʻzbekistonda Singapurning Indorama Corporation tomonidan ip-kalava va tayyor toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari, superfosfat va ammiak ishlab chiqarish zavodlari tashkil etilib, muvaffaqiyatli faoliyat yurityapti.
Singapur tomoni Oʻzbekistonning jadal rivojlanishi va amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yuqori baholadi. Tizimli yondashuv tufayli Cotton Campaign koalitsiyasining boykotini bekor qilinishi hamda Oʻzbekistonga Yevropaning GSP + imtiyozlar tizimining benefitsiari maqomini olish mumkin boʻlgani taʼkidlandi. Bu esa, oʻz navbatida, tayyor toʻqimachilik va kimyo mahsulotlari eksportining oʻsish dinamikasiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Shu munosabat bilan, kompaniya rahbariyatining hamkorlikni davom ettirishga boʻlgan qiziqishi katta.
Uchrashuvda toʻqimachilik va kimyo sanoatida yangi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi strategik hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim imzolandi.
Meinhardt group raisi Shaxzod Nasim bilan muzokaralar chogʻida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida qoʻshma loyihalarni, shu jumladan infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish masalasi muhokama etildi.
Maʼlumot uchun: Meinhardt group Singapurdagi eng yirik muhandislik va investitsiyaviy korxona hisoblanib, butun dunyo boʻylab 510 ta yirik infratuzilma va sanoat obyektlarini qurish loyihalarida ishtirok etgan. Ishchilari soni 5 ming kishini tashkil etadi.
Singapur kompaniyasi rahbariyatiga birgalikda ishlab chiqish uchun taklif etilayotgan istiqbolli loyihalarning batafsil taqdimoti oʻtkazildi. Muhokama yakunida, tomonlar qoʻshma Loyiha-injiniring markazini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishdi. Markazning asosiy vazifasi shaharsozlik va sanoat sohalaridagi tashabbuslarda ilgʻor tajribalarni joriy etish. Hususan, “Yangi Toshkent” aqlli shahrini birinchi bosqichi bosh rejasini ishlab chiqish, hamda zamonaviy kimyo va farmatsevtika sanoat korxonalarini barpo etish shular jumlasidandir. Markaz uchun malakali kadrlar Singapur korxonasi tomonidan tayyorlanadi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.