Farzand tug‘ilganidan so‘ng oilalarga 10 ming Singapur dollaridan ikki marta to‘lov amalga oshiriladi. Ularning biri bolaning kelajakdagi ta’limi uchun sarflanadi. Mamlakat Bosh vaziri Lourens Vong tug‘ilish darajasining uzluksiz pasayib borayotgani sharoitida bolalar nafaqasi tizimi qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi, deb yozdi Financial Times.
“Oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qilayotgan barcha ishlarimizga qaramay, realist bo‘lishimiz kerak — ehtimol, tug‘ilishning umumiy koeffitsiyenti aholini ko‘paytirish zarur bo‘lgan darajadan ancha past bo‘lib qoladi”, — dedi Vong.
Ijtimoiy to‘lovlar tizimi qayta ko‘rib chiqilishi bilan bir qatorda, Singapur hukumati ota-onalarga birinchi uy-joyni soddalashtirilgan tartibda olish imkonini beruvchi dasturni ham joriy etadi. Shuningdek, ko‘p farzandli oilalarga — uch va undan ortiq farzandi bor oilalarga — bola parvarishi uchun qo‘shimcha ta’til kunlari beriladi. Bunda ishlayotgan har bir ota-onaga 12 kungacha ta’til ajratiladi, avval esa bu muddat 8 kun edi, deb xabar berdi kommersant.ru.
Avval Singapurda boshqa imtiyozlar tizimi amal qilgan: farzand tug‘ilganda ota-onalarga bir martalik 10 ming Singapur dollarigacha to‘lov berilgan. Endi esa bolalar uchun nafaqalar bolaning hayotining bir necha yili davomida bosqichma-bosqich to‘lanadigan bo‘ldi. Hukumatning fikricha, bu chora tug‘ilish darajasini oshirishga yordam berishi kerak.
Singapur bir necha o‘n yillardan buyon mamlakatdagi demografik vaziyatni yaxshilashga harakat qilmoqda. 2025 yilda mamlakatda rekord darajada past tug‘ilish ko‘rsatkichi qayd etildi — bir ayolga o‘rtacha atigi 0,87 nafar farzand to‘g‘ri kelgan. Aholini tabiiy ravishda qayta tiklash uchun esa bu ko‘rsatkich 2,1 nafar bo‘lishi kerak. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030 yilga borib har to‘rt singapurlikdan biri 65 yoshdan oshganlardan iborat bo‘lishi mumkin.