Ushbu Nizom yirik investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonida korrupsiyaga qarshi va raqobatni taʼminlovchi standartlarni majburiy tarzda joriy etish tartibini belgilaydi.
Nizom quyidagi yirik investitsiya loyihalariga nisbatan qoʻllanadi:
- Davlat byudjeti yoki davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari;
- davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari;
- davlat kafolatlari, imtiyozlar yoki davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning boshqa shakllarini nazarda tutuvchi xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi investitsiya loyihalari.
Nizomga koʻra, davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari oʻz vakolati doirasidagi loyihalarni toʻgʻridan-toʻgʻri ekspertiza qiladi va baholaydi.
Ekspertizadan oʻtkazish loyihani tasdiqlash jarayonining ajralmas qismi hisoblanadi.
Ekspertiza va baholash xulosalari asosida loyiha tashabbuskori vakolatli organlar bilan hamkorlikda korrupsiya va raqobat muhitiga qarshi xavf-xatarlarni kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi.