Yirik miqdordagi sintetik giyohvandlik vositasining kontrabandasiga chek qoʻyildi

    Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov organiga yuborildi.

    Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi va turli nayranglarni qoʻllagan holda yurtimizga yashirincha olib kirishga boʻlgan urinishlarga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

    Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan keng qamrovli tezkor tadbir davomida giyohvandlik vositalarining yirik miqdordagi noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyishdi.

    Gap shundaki, Niderlandiyadan Fargʻona viloyatida yashovchi fuqaro D.N. nomiga kelgan pochta joʻnatmasi bojxona xodimlari eʼtiborini tortdi. Mazkur pochta joʻnatmasi belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganida, joʻnatmada “ABD-BUTINACA” nomli, 498,82 gramm sintetik turdagi giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

    Shundan soʻng, mazkur pochta joʻnatmasiga buyurtma bergan va unga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash maqsadida Fargʻona viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro D.N mazkur pochta joʻnatmasini qabul qilib olish uchun kelgan paytda tezkor xodimlar tomonidan qoʻlga olindi. Fuqaro D.N.ning yashash xonadoni belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganida, “gashish” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

    Tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro D.N mazkur giyohvandlik vositasini internet doʻkoni orqali buyurtma berganligi maʼlum boʻldi. Shu tariqa fuqaro D.N. va boshqalarning jinoiy qilmishlari fosh etildi.